O‘zbekiston va Malayziya qishloq xo‘jaligida hamkor bo‘ladi
Yurtimizga tashrif buyurgan Malayziya qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi vaziri Datuk Seri Hoji Muhammad bin Sabu boshchiligidagi delegatsiya Samarqandda bo‘ldi.
Mehmonlar dastlab Imom Buxoriy yodgorlik majmuasini ziyorat qildi. Malayziya qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi vaziri Islom olamining ulug‘ muhaddisi Malayziyada ham yuksak e’zozlanishi, uning bebaho asarlari chuqur o‘rganilishini ta’kidladi.
Samarqand viloyati hokimligida delegatsiyaning viloyat hokimi Adiz Boboyev bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda tomonlar o‘zaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, istiqbolli yo‘nalishlarda amaliy ishlarni boshlash bo‘yicha fikr almashdi. Asosiy e’tibor qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratildi.
Jumladan, yurtimiz meva-sabzavotlari Malayziyada ham sifati va xushta’mi bilan alohida o‘ringa egaligi qayd etildi. Shu bois qishloq xo‘jalik mahsulotlari eksportini ko‘paytirish zarurligi ta’kidlandi.
– Qishloq xo‘jaligi sohasida Malayziyaning boy tajribasini o‘rganish biz uchun muhim ahamiyatga ega, – dedi viloyat hokimi A. Boboyev. – Bu borada joriy yil Malayziyaga tashrifimiz davomida ham mas’ullar bilan fikr almashgan edik. Oliy ta’lim muassasalari, qishloq xo‘jalik korxonalari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish soha rivojiga xizmat qilishi shubhasiz. Shuningdek, qishloq xo‘jalik mahsulotlari borasida ham o‘zaro savdo-sotiqni amalga oshirish ikkala tomon uchun manfaatli bo‘ladi. Bizning sarxil meva-sabzavotlarimizga Malayziyada talab yuqori bo‘lsa, bu davlatning bir qator mahsulotlariga bizda ham talab bor. O‘rtadagi asosiy muammo logistika bilan bog‘liq bo‘lmoqda. Ayni paytda biz havo va dengiz yo‘llari bo‘yicha eng maqbul yo‘nalishlarni yaratish borasida ish olib boryapmiz. Viloyatimizning qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash borasidagi salohiyati juda yuqori. Amalga oshiriladigan hamkorligimiz istiqbolli bo‘lishiga ishonaman.
Malayziya qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi ham hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlariga alohida to‘xtaldi.
– O‘zbekistonga tashrif buyurish biz uchun juda muhim, – deydi Datuk Seri Hoji Muhammad bin Sabu. – Chunki biz o‘zaro manfaatli aloqalarni yo‘lga qo‘yishni va savdo-sotiqni rivojlantirishni istaymiz. Ayni paytda ham O‘zbekiston bilan savdo va diplomatik aloqalarimiz yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Ammo bugungi kun talabi hamkorlikni yanada yaxshilashni taqozo etmoqda. O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi juda muhim davlat. Ayniqsa, bu yerning qishloq xo‘jaligi mahsulotlari jahonda o‘z o‘rniga ega. Chunki bu yurtning iqlimi o‘zgacha. Shu bois, mahsulotlar o‘ziga xos sifatga ega. O‘zbekiston o‘zining 38 millionlik aholisi bilan ham Markaziy Osiyoda muhim davlat hisoblanadi. U mintaqa markazida joylashgan. O‘zbekiston mahsulotlarimizni Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va atrofdagi boshqa davlatlarga, hatto Ozarbayjongacha tarqatish markaziga aylanishi mumkin. Shuning uchun O‘zbekistonning mintaqadagi bosh hamkorimizga aylanishini istaymiz va Malayziyaning qishloq xo‘jaligi markazini shu yerda tashkil qilishni xohlaymiz.
Uchrashuv davomida o‘zaro hamkorlikning yangi bosqichini amalga oshirishdagi muhim masalalar bo‘yicha atroflicha fikr almashildi. Malayziya tomoni joriy yilning 26-avgustidan 6-sentabriga qadar oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha yirik xalqaro ko‘rgazma tashkil etilayotganligini ma’lum qilib, ushbu ko‘rgazmaga Samarqand delegatsiyasini taklif etdi.
[gallery-29932]
Mehmonlar tashrif davomida Samarqandning bir qator tarixiy obidalari bilan ham yaqindan tanishdi.
G‘. Hasanov, A. Isroilov (surat), O‘zA