O‘zbekiston va KOICA hamkorligining yangi yo‘nalishlari belgilandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi direktori Ulug‘bek Husainov Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Shin Myong Sop bilan uchrashdi.
Unda O‘zbekistonda davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, natijadorlikka asoslangan tizimni joriy etish hamda hududlarni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan muhim islohotlar haqida ma’lumot berildi.
Bu jarayonlarda xalqaro hamkorlik, xususan, KOICAning institutsional tajribasi, texnologiyalari va bilim transferi ahamiyatli ekani qayd etildi.

O‘zaro amaliy hamkorlikning yangi bosqichga olib chiqilishi har ikki tomon uchun ham manfaatli ekani ta’kidlandi.
Muloqot davomida hamkorlikning muhim yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi.
Xususan, "Qishloq taraqqiyoti akademiyasi" doirasida qishloq faollari uchun, shuningdek, shahar infratuzilmasini boshqarish uchun hokimlik mutasaddilari va muhandislariga mo‘ljallangan qisqa muddatli maxsus o‘quv kurslari va Koreyaga stajirovkalar tashkil etiladi.
Transport boshqaruvini “Big data” tahlillariga asoslangan holda tashkil etib, mahalliy darajada ma’lumotlarga asoslangan qarorlar qabul qilish amaliyotini keng joriy etish, tirbandlik muammosini hal qilish uchun Seul shahrining mashhur TOPIS modeli Samarqandda qo‘llaniladi.

O‘zbekiston Huquqni muhofaza qilish akademiyasi bazasida Kiberjinoyatlarni fosh etish bo‘yicha mintaqaviy markazni tashkil etish, Akademiyaning mustahkam o‘quv bazasini KNPA va KISA kabi agentliklarning Koreya modeli hamda texnologiyalari bilan uyg‘unlashtiriladi.
Samarqand va Namangan viloyatlari tuman hokimlari uchun sun’iy intellekt vositalari va IoT texnologiyalarini munitsipal boshqaruvga joriy etishga yo‘naltirilgan ixtisoslashtirilgan treninglar tashkil etiladi.
Uchrashuv davomida KOICA va Boshqaruv samaradorligi agentligi o‘rtasida hamkorlik loyihasini amalga oshirish yuzasidan hujjat imzolandi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda davlat xizmatchilari salohiyatini oshirish bo‘yicha hamkorlikdagi dasturni amalga oshirishga kelishib olindi.
N.Abduraimova,
O‘zA