O‘zbekiston va JST: Jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuv bizga nima beradi?
Mamlakatimizda xalqaro iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, xorijiy davlatlar bilan imtiyozli savdo-iqtisodiy aloqani mustahkamlash, shuningdek yuqori sifatli va raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish orqali jahon bozoridan muqim o‘rin egallashga qaratilgan sa’y-harakat izchil davom ettirilmoqda. Bu jarayonda yurtimizning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu bois, so‘nggi yillarda ayni yo‘nalishda jadal ish olib borilyapti. Jumladan, a’zo davlatlar bilan ikki va ko‘p tomonlama muzokarani yakuniga yetkazish, milliy qonunchilikni muayyan talabga muvofiqlashtirish yo‘lida sezilarli qadamlar qo‘yildi.
Aytish kerakki, Jahon savdo tashkiloti (JST) davlatlararo savdoga doir global qoidani nazorat qiladigan yagona xalqaro idora sifatida Tarif va savdo bo‘yicha Bosh kelishuvni muvofiqlashtiradi. JST xalqaro savdo munosabatida a’zo mamlakatlar uchun qulay huquqiy tizim taqdim etadi. Tuzilma doirasida kelishilgan hujjatlar davlatlar zimmasiga savdo siyosatini belgilangan mezon asosida olib borish mas’uliyatini yuklaydi. Asosiy maqsad – jahon savdosini yanada liberallashtirish va adolatli raqobat sharoitini yaratish.

– JSTga qo‘shilishning afzal jihati bisyor, – deydi iqtisodiyot fanlari doktori, professor Jasurbek Otaniyozov. – Masalan, savdo rivojining bashorat qilinishi, barqarorligi, tashqi iqtisodiy siyosat shaffofligi asnosida tovar va xizmatning jahon bozoriga chiqishi uchun yanada qulay shart-sharoit ta’minlanadi. JST Nizoni hal qilish mexanizmiga kirish orqali savdodagi kamsitish bartaraf etiladi. Xalqaro savdoga oid yangi qoida ishlab chiqishda ko‘p tomonlama savdo muzokarasida samarali ishtirok etish orqali joriy va strategik savdo-iqtisodiy manfaatni ilgari surish imkoni yaratiladi. Barcha a’zolar uchun “Ko‘p tomonlama savdo bitimi” nomli asosiy kelishuv va huquqiy hujjatga amal qilish majburiyati ham bor. Huquqiy nuqtai nazardan, o‘ziga xos ko‘p tomonlama shartnoma hisoblangan JST tizimi me’yori va qoidasi butun yer yuzi bo‘ylab tovar va xizmat savdosining taxminan 97 foizini tartibga soladi.
Bugungi kunda 166 davlatni birlashtirgan jahonning eng yirik xalqaro iqtisodiy tashkiloti – JST global savdo va dunyo yalpi ichki mahsulotining 98 foizdan ziyodini qoplaydi. Tashkilot doirasida hozirgacha 200 dan ko‘p yirik savdo nizosi hal etilgan.

JSTga kirish uzoq vaqt talab etadigan jarayondir. Xitoy Xalq Respublikasini ushbu tuzilmaga qabul qilish bo‘yicha muzokara 1986-yil boshlangan va 15 yil davom etib, 2001-yil 11-dekabrda yakunlangan. Aynan shu voqea Chin mamlakati bozor islohotini keng ko‘lamda amalga oshirishi uchun turtki bergan. A’zolik Xitoyga iqtisodiy masala bo‘yicha xalqaro maydonda ovoz berish huquqini berdi. Qolaversa, mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun yanada qulay shart asosida tashqi bozorga chiqish imkoni paydo bo‘ldi.
Zero, bungacha XXRda tashqi iqtisodiy ayirboshlash eksport, reeksport sohasi va texnologiya bog‘liqligi bilan chegaralangan, ya’ni ichki iqtisodiyot tashqi dunyodan ajratilgan edi.
O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayonlari
Diyrimizning bir necha bosqichda amalga oshirilgan Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayoni quyidagi asosiy davrlarni o‘z ichiga oladi:
1994-yil – JSTga kirish bo‘yicha rasmiy talabnoma topshirildi. Bu mamlakatimiz xalqaro savdo tizimiga integratsiyalashuvi yo‘lidagi ilk qadam hisoblanadi.
2003-yil – JST ishchi guruhining birinchi yig‘ilishi o‘tkazildi va a’zolik jarayoni institutsional jihatdan boshlandi.
2016-yildan keyin amalga oshirilgan milliy iqtisodiyotni barqarorlashtirish hamda tashqi iqtisodiy faoliyatni erkinlashtirish borasidagi faol islohotlardan so‘ng 2018-yil mart oyidan O‘zbekistonni JSTga qabul qilish jarayoni qayta boshlandi.
2019-yil iyul oyida JSTga qo‘shilish yuzasidan Tashqi savdo rejimi to‘g‘risidagi yangilangan memorandum va boshqa qator hujjatlar taqdim etildi.
2020-yil fevralda “O‘zbekistonning JSTga kirishiga ko‘maklashish” bo‘yicha besh yillik loyiha ishlab chiqildi. Iyul oyida bo‘lib o‘tgan ishchi guruhning to‘rtinchi yig‘ilishi bilan harakat rasman qayta tiklandi.
2021-yil – JST a’zolari tomonidan mamlakatimiz savdo rejimi muhokama qilindi.
2022-yil Milliy qonunchilikni JST talabiga moslashtirish bo‘yicha qonun va me’yoriy hujjatlar takomillashtirildi.
2023-yil ikki tomonlama muzokaralar faol davom etdi.
2024-yil JST ishchi guruhi doirasida respublikamiz savdo rejimi bo‘yicha yangilangan axborot taqdim etildi va a’zo davlatlar savollariga javob berildi.
2024-yil jami 15 davlat bilan ikki tomonlama muzokara muvaffaqiyatli yakunlandi.
2025-yil yakunlovchi muzokara bosqichiga o‘tish va tashkilotga a’zo bo‘lish bo‘yicha kelishuvni rasmiylashtirish jarayoni jadallashtirildi.
Umuman, o‘tgan yil oxiriga kelib O‘zbekiston JSTga a’zo 34 davlatdan 33 tasi bilan ikki tomonlama muzokarani yakunladi. Ayni paytgacha mamlakatimizda JST bilan bog‘liq jami 30 huquqiy hujjat qabul qilingan.
JSTga a’zo bo‘lish bizga nima beradi?
Ekspert J.Otaniyozov “O‘zbekistonning JSTga kirishiga ko‘maklashish” bo‘yicha ishlab chiqilgan besh yillik loyiha Yevropa Ittifoqi tomonidan faol qo‘llab-quvvatlanayotganiga alohida e’tibor qaratdi. Mazkur tashabbus orqali asosiy urg‘u JSTga qo‘shilish jarayonida milliy iqtisodiyotni takomillashtirish bo‘yicha rivojlanish rejasiga berilgan. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – JST tomonidan belgilangan qoidaga mos keladigan savdo muhitini yaratish orqali o‘lkamizning iqtisodiy rivojlanishiga ko‘maklashish hamda xalqaro savdo tizimiga uyg‘unlashuvni kuchaytirish.

O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayoni 2020-yil iyul oyida bo‘lib o‘tgan ishchi guruh to‘rtinchi yig‘ilishida rasman qayta tiklangan. Shundan so‘ng 2022-yil iyun, 2023-yil mart va 2023-yil noyabr oylarida yana uch uchrashuv bo‘lib o‘tdi. 2026-yil so‘nggi ikki tomonlama muzokara – Tayvan bilan kelishuv yakunlanishi lozim. Shundan so‘ng ko‘p tomonlama muloqotlar tugatilib, O‘zbekistonning JSTga qo‘shilishi bo‘yicha ishchi guruh hisoboti tayyorlanadi.
Ayni yo‘nalishda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar natijasida mamlakatimiz mislsiz natijaga erishdi. Joriy yil bozorga kirish bo‘yicha majburiyat yuzasidan belgilangan amaliyot yakuniy bosqichga o‘tadi. Tovar va xizmat bo‘yicha majburiyatlar jadvalini umumlashtirish, eksport boji, tranzit erkinligi hamda savdoni yengillashtirish masalasi JST qoidasiga muvofiq tarzda kelishib olinadi.

O‘zbekiston JST doirasida tarmoq kelishuviga erishishni ham tezlashtirgan. 2025-yil mazkur bosqichga tayyorgarlik uchun zarur asos yaratilgan. Xususan, 34 a’zo davlatdan 33 tasi bilan ikki tomonlama muzokara yakunlangan. Tuzilma bilan bog‘liq 30 huquqiy hujjat qabul qilingan, texnik va institutsional islohot yo‘lga qo‘yilgan. Qonunchilikni muvofiqlashtirish doirasida hukumat JST talabiga mos qo‘shimcha 29 me’yoriy-huquqiy hujjat qabul qilishni rejalashtirgan. Mamlakatimizning JSTga a’zo bo‘lishi boshqa davlatlar bilan iqtisodiy hamkorlikni yanada yaxshilash, tovar ayirboshlash hajmini oshirish, yangi bozorlarga chiqish orqali tashqi raqobatbardoshlikni kuchaytirish uchun qulay sharoit, mustahkam zamin yaratadi.
Shu o‘rinda aytish lozim, yurtimiz tashqi savdo hamkorlarining aksariyati JST a’zolari. Hozircha JST tarkibidagi davlatlar bilan savdo-iqtisodiy munosabatda uchinchi davlat hisoblanadigan mamlakatimizga nisbatan eksport tovarlariga yuqori boj stavkasi hamda notarif tartibga solish usullari qo‘llab kelinmoqda. A’zolikdan so‘ng eksport salohiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan shunday holatlar bartaraf etiladi. Darvoqe, 2025-yil yakuniga ko‘ra jami tashqi savdo aylanmasining 50 foizdan ko‘pi aynan JST mamlakatlari hissasiga to‘g‘ri kelgan. Qolaversa, davlatimiz eksport geografiyasi hamda asosiy hamkorlar hisoblangan JST tarkibidagi mamlakatlar bilan savdo munosabati ko‘lamini yanada kengaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar yil sayin faollashmoqda.

Xulosa shuki, O‘zbekistonning jahon iqtisodiy tizimiga integratsiyalashuvni kuchaytirishga qaratilgan siyosati mamlakat eksport salohiyatini oshirish orqali milliy iqtisodiyot barqaror darajada o‘sishini ta’minlashga yo‘naltirilgan. Shu bois JSTga qo‘shilish tashqi iqtisodiy siyosatning asosiy ustuvor yo‘nalishi sifatida tashkilotga a’zo davlatlar bilan faol aloqalar o‘rnatish, istiqbolda Vatanimiz iqtisodiy taraqqiyotini ta’minlashda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Go‘zal Sattorova, O‘zA