O‘zbekiston va Janubiy Koreya: “yashil” iqtisodiyot, sun’iy intellekt sohasida hamkorlik kengaytiriladi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasining Tashqi ishlar va birlashish qo‘mitasi raisi Kim Sok Ki tashrif buyurdi.
Senat Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev bilan uchrashuvda O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi munosabatlar ishonch, o‘zaro hurmat va strategik sheriklik tamoyillari asosida izchil rivojlanib borayotgani ta’kidlandi. Oliy darajadagi muloqotlar doirasida erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosi ijobiy baholandi.
Parlamentlararo hamkorlik so‘nggi yillarda yangi bosqichga ko‘tarilgani qayd etildi. Xususan, Toshkent shahrida Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi parlamentlari rahbarlarining uchinchi yig‘ilishi samarali o‘tgani ta’kidlandi. Ushbu format dolzarb masalalarni muhokama qilish va ularga birgalikda yechim topish uchun samarali platforma ekani qayd etildi.

Uchrashuvda parlamentlararo hamkorlik guruhlari faoliyatini faollashtirish, oliy darajadagi kelishuvlar ijrosi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish, tegishli qo‘mitalar o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.
Qonunchilik sohasida tajriba almashish, jumladan “yashil” iqtisodiyot, sun’iy intellektni joriy etish va kambag‘allikni qisqartirish kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirishga kelishib olindi.
Savdo-iqtisodiy, investitsiya, shuningdek, turizm, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalaridagi hamkorlikni faollashtirish muhimligi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar parlamentlararo hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga tayyor ekanini tasdiqladi.
N.Abduraimova,
O‘zA