O‘zbekiston va Janubiy Koreya vakillari sinov laboratoriyasi loyihasini ko‘rib chiqishdi
O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi munosabatlar iqtisodiy, investitsiyaviy hamda madaniy-gumanitar yo‘nalishlarda izchil rivojlanib bormoqda. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 1,7 milliard AQSH dollarini tashkil etdi.
O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov Korea of Energy Technology Evaluation and Planning vakillari bilan uchrashdi.

Uchrashuv davomida amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalarning bugungi holati hamda hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalari uskunalari sifatini baholashga ixtisoslashgan sinov laboratoriyasini tashkil etish loyihasi doirasidagi navbatdagi bosqichlar ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, soha yo‘nalishida Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi ko‘magida Koreya standartlar va texnologiyalar agentligi, Koreya muvofiqlikni baholash laboratoriyasi, Koreya sinov laboratoriyasi, Koreya sinov va sertifikatlashtirish instituti hamda Koreya sinov va ilmiy- tadqiqot instituti bilan samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani qayd etildi.
O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish va istiqbolli loyihalarni izchil amalga oshirish yuzasidan kelishuvga erishdilar.
A.RUSTAMOV,
O‘zA