O‘zbekiston va Indoneziya: strategik sheriklik parlament diplomatiyasi orqali mustahkamlanmoqda
Oliy Majlis Senatiga mamlakatimizda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan Indoneziya Respublikasi Xalq maslahat kengashi Raisi Ahmad Muzani boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva bilan uchrashuvda O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, parlamentlararo hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish hamda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi o‘zaro aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqotning asosiy mavzularidan biri – parlamentlararo hamkorlikni institutsional asosda rivojlantirish bo‘ldi. Shu munosabat bilan parlamentlararo hamkorlik guruhlari faoliyatini faollashtirish, qo‘shma hujjatlarni ishlab chiqish, parlamentlararo forumlarni muntazam tashkil etish, shuningdek, islom sivilizatsiyasi va boy ma’naviy merosini o‘rganishga qaratilgan ilmiy-ma’rifiy loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Ahmad Muzani Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, mamlakatdagi bunyodkorlik ishlari, ochiq va konstruktiv tashqi siyosat, shuningdek, islom sivilizatsiyasi merosini asrab-avaylash va targ‘ib etish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga yuksak baho berdi.
Suhbat chog‘ida XIV asr oxiri-XV asr boshlarida yashab ijod qilgan samarqandlik buyuk da’vatchi va so‘fiy olim Malik Ibrohim Samarqandiyning Yava oroli hamda umuman Indoneziyada islom dinining keng yoyilishidagi beqiyos tarixiy xizmati alohida qayd etildi. Ta’kidlanganidek, ana shu mushtarak ma’naviy meros Indoneziya xalqining O‘zbekistonga bo‘lgan samimiy hurmati va ehtiromini yanada mustahkamlab kelmoqda.
Tomonlar ikki davlat rahbarlari o‘rtasida qaror topgan ishonchli va samarali siyosiy muloqot mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni, jumladan, parlamentlararo aloqalarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqqanini ta’kidladi.
Muzokaralar davomida erkin savdo to‘g‘risidagi bitim bo‘yicha muzokaralarni jadallashtirish, halol sertifikatlarini o‘zaro tan olish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini kengaytirish kabi ustuvor yo‘nalishlar ham muhokama qilindi.
Shuningdek, hududlararo sheriklikni rivojlantirish, turizm, ayniqsa ziyorat turizmi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, vizaviy tartib-taomillarni yanada soddalashtirish, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi akademik aloqalarni mustahkamlash hamda qo‘shma madaniy-gumanitar loyihalarni izchil amalga oshirish muhimligi qayd etildi.

Uchrashuv yakunida Ahmad Muzani Senatning Faxriy mehmonlar kitobiga yozuv qoldirib, O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlikni yanada mustahkamlashga qat’iy intilishini bildirdi.
Norgul Abduraimova,O‘zA