O‘zbekiston va Hindiston strategik muhim minerallar sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirmoqda
Hindistonning “The Economic Times” nashri mamlakatning O‘zbekiston bilan tog‘-kon sanoatidagi hamkorligini kengaytirish mavzusida maqola chop etdi.
Materialda ikki mamlakat geologiya resurslari va uran sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishga kelishib olgani qayd etilgan. Tomonlar, shuningdek, strategik ahamiyatga ega minerallarni qidirish va o‘zlashtirish bo‘yicha umumiy imkoniyatlarni muhokama qilgan.
Nashr mamlakatlar o‘rtasida konchilik va geologiya resurslari bo‘yicha anglashuv memorandumi shartlari kelishib olinganiga e’tibor qaratgan. Ayni paytda ushbu hujjatni tezroq qabul qilish, rejani aniq loyihaga aylantirish yo‘llari ko‘rib chiqilmoqda.
Hindiston Tashqi ishlar vazirligining G‘arbiy ishlar bo‘yicha kotibi Sibi Jorj matbuot anjumanida ma’lum qilishicha, kelishuvni imzolash va amalga oshirish uchun delegatsiyalar almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi. Muallif, shuningdek, maxsus komissiya mexanizmi orqali umumiy sa’y-harakatlarni rivojlantirish g‘oyasi ilgari surilayotganini ta’kidlagan.
“The Economic Times” uran yo‘nalishidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratdi. Bu soha iqtisodiy aloqalarning yangi yo‘nalishi sifatida ko‘rsatilgan. Qishloq xo‘jaligidagi sheriklik ko‘lami kengayayotgani ham qayd etildi. Xususan, urug‘chilik, tomchilatib sug‘orish, bog‘dorchilik va sho‘rlangan sharoitda ekin yetishtirish borasidagi qo‘shma ishlar rivojlantiriladi.
Hindiston qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari kengashi hamda mamlakatimiz Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi bu borada hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqda.
O‘rosh Oqboyev, O‘zA