O‘zbekiston va Hindiston: salomatlik yo‘lidagi global hamkorlik va innovatsiyalar transferi
So‘nggi yillarda mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini tubdan isloh qilish, aholini sifatli dori-darmon va zamonaviy tibbiy texnika bilan ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Bu borada dunyoda tibbiyot va farmatsevtika sanoati jadal rivojlangan, global miqyosda "dunyo dorixonasi" deya e’tirof etiladigan Hindiston bilan tajriba almashish va investitsiyaviy sheriklikni kengaytirish O‘zbekiston uchun strategik ahamiyat kasb etmoqda.
Hindiston tibbiyoti nafaqat arzon va sifatli dori vositalari ishlab chiqarish, balki yuqori texnologik jarrohlik, raqamlashtirilgan klinik boshqaruv hamda nutritsevtika (sog‘lom hayot uchun bioqo‘shimchalar) sohasida ham dunyoda yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi. Bunday ulkan tajribani mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimiga transfer qilish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish orqali import bog‘liqligini kamaytirish va aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yangi bosqichga ko‘tarish O‘zbekiston uchun beqiyos imkoniyatlar eshigini ochadi.
Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini hududlarda yangi bosqichga olib chiqish maqsadida, Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Hindistonga xizmat safarini amalga oshirdi. Mumbay va Haydarobod shaharlarida kechgan sermazmun muzokaralar, shuningdek, nufuzli "Nutrify C-Suite 2026" xalqaro konferensiyasidagi ishtirok sohadagi ikki tomonlama munosabatlarni amaliy mazmun bilan boyitdi.

Davlatlararo va hududlararo strategik aloqalarni mustahkamlash maqsadida delegatsiya vakillari Hindistonning iqtisodiy va sanoat jihatdan eng ilg‘or hududlari rahbariyati bilan oliy darajadagi uchrashuvlarni o‘tkazdi. Xizmat safari davomida Maharashtra shtati hukumatining to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar (FDI) va diaspora masalalari bo‘yicha kotibi doktor Radjesh Gavande hamda shtat Bosh vaziri o‘rinbosarining strategik maslahatchisi doktor Santosh Bxosale bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, hamkorlik rishtalarini yanada kengaytirish maqsadida Telangana shtati Bosh vaziri o‘rinbosari Mallu Bxatti Vikramarka bilan ham muhim muloqot tashkil etildi. Ushbu uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasining Hindistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Sardor Rustambayev ham ishtirok etib, Telangana shtati Bosh vaziri o‘rinbosarini O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan Xalqaro investitsiya forumiga taklif qildi. Bu kabi hukumat darajasidagi muloqotlar hindistonlik investorlarning O‘zbekiston bozoriga bo‘lgan ishonchini oshirish va ikki tomonlama savdo-iqtisodiy kafolatlarni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Safar davomida eng zamonaviy tibbiy yechimlarni o‘rganish maqsadida Hindistonning yetakchi ko‘p tarmoqli tibbiyot muassasalaridan biri bo‘lgan “AIG Hospitals” klinikasi faoliyati bilan yaqindan tanishildi. Ekskursiya davomida shifoxona vakillari zamonaviy tibbiy texnologiyalar, klinikani raqamli boshqarish, davolash jarayonlarini xalqaro standartlar asosida tashkil etish tizimini taqdim etdi. O‘z navbatida, O‘zbekiston tomoni yurtimizda sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va xorijlik hamkorlarga berilayotgan davlat imtiyozlari haqida ma’lumot berib, tibbiy xizmatlar sifatini oshirish va sohaga ilg‘or shifoxona boshqaruvi tajribasini jalb etish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi.

Tibbiyot sanoatida yuqori texnologiyalarni joriy etish va tibbiy buyumlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish maqsadida Mumbay shahrida Hindistonning nufuzli "Global Panacea" hamda "Cancare Medical Technologies Pvt. Ltd." kompaniyalari rahbariyati bilan muzokaralar olib borildi. Investitsiyalarni jalb qilish va texnologiyalar transferiga qaratilgan ushbu uchrashuvlar natijasida aholining zamonaviy va arzon tibbiy jihozlardan foydalanish imkoniyatlarini oshirishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro manfaatdorlik tasdiqlandi.
Hindistonning farmatsevtika markazi hisoblangan Haydarobod shahrida esa dunyoga mashhur "Dr. Reddy’s Laboratories" kompaniyasi bosh ijrochi direktori M.V. Ramana bilan uchrashuv o‘tkazildi. Muloqot chog‘ida O‘zbekiston tomoni mamlakatimizda investorlar uchun yaratilgan qulay muhit va yurtimizda barpo etilayotgan yangi "BioPharma City" farmatsevtika klasteri loyihasini taqdim etdi. O‘zbekiston tibbiyot bozorining jadal sur’atlarda rivojlanayotganini yuqori baholagan kompaniya rahbariyati bilan farmatsevtika tarmog‘ini kengaytirish va qo‘shma tashabbuslarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bundan tashqari, "Malaxmi Group" kompaniyasi boshqaruv raisi Xarish Chandra Prasad bilan uchrashuvda sog‘liqni saqlash va investitsiyalar sohasidagi sheriklik istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Safarning yana bir diqqatga sazovor jihati, sog‘lom turmush tarzi va kasalliklarning oldini olishda muhim hisoblangan nutritsevtika yo‘nalishiga qaratildi. "Nutrify C-Suite 2026" xalqaro konferensiyasi doirasida "Nutrify Today" kompaniyasi asoschisi va bosh direktori Amit Shrivastava bilan uchrashuv o‘tkazilib, O‘zbekistonning "BioPharma City" klasteri va "Nutrify Today" o‘rtasidagi hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi. Investitsiyalarni jalb etish, texnologiyalar transferi va O‘zbekistonni nutritsevtika sohasida innovatsiyalar uchun xalqaro maydon sifatida targ‘ib qilish orqali mamlakatimizning ushbu yangi tarmoqdagi o‘rnini xalqaro bozorda mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi.
Ushbu keng qamrovli uchrashuvlar, imzolangan hamkorlik memorandumlari O‘zbekiston sog‘liqni saqlash va tibbiyot sanoati jahonning yetakchi markazlari uchun naqadar jozibador va istiqbolli sherikka aylanib borayotganini ko‘rsatdi. Hindistonning hukumat vakillari, tibbiyot gigantlari, ilg‘or klinikalari va innovatsion kompaniyalari bilan erishilgan kelishuvlar yaqin kelajakda yurtimizda innovatsion texnologiyalarni joriy etish, mahalliy dori vositalari turini ko‘paytirish va pirovardida xalqimizga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmat sifatini tubdan yaxshilashga xizmat qiladi.
Mohigul Qosimova, O‘zA