O‘zbekiston va Germaniya yoshlar bandligi yo‘nalishidagi hamkorlikni kengaytirmoqda
Keyingi yillarda O‘zbekiston va Germaniya Federativ Respublikasi o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlar butunlay yangi bosqichga ko‘tarildi. Muntazamlik kasb etgan oliy darajadagi muloqotlar ikki tomonlama iqtisodiy sheriklikka yangi sur’at bag‘ishlamoqda.
Bugun O‘zbekiston va Germaniya iqtisodiyotlari bir-birini to‘ldiruvchi xususiyatga ega ekani amaliy loyihalarda yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Germaniya o‘zining ilg‘or texnologiyalari va yuqori sifatli sanoat uskunalari bilan mamlakatimiz uchun eng ishonchli hamkorlardan biriga aylandi. Yurtimizda nemis kapitali va yuqori texnologiyalari ishtirokida amalga oshirilayotgan yirik tashabbuslar iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiya qilishga xizmat qilyapti.

Toshkent shahrida muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan “Papenburg Uzbekistan” qo‘shma korxonasi ana shunday yuqori texnologik hamkorlikning yorqin namunasidir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan mamlakatimizda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer mazkur qo‘shma korxonaga tashrif buyurdi.
Oliy martabali mehmonga O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlari vaziri Baxtiyor Saidov va boshqa rasmiylar hamrohlik qildi.

Germaniyaning yetakchi texnologiyalari va milliy yo‘l qurilishi an’analari asosida tashkil etilgan ushbu korxona infratuzilmaviy taraqqiyot yo‘nalishida samarali faoliyat olib bormoqda. Ikki davlat rahbarlarining muhim kelishuvlari hamda O‘zbekiston Hukumatining tegishli qarori ijrosi doirasida 2021-yilda ish boshlagan mazkur sub’ekt qisqa muddatda milliy yo‘l infratuzilmasini xalqaro standartlar darajasida yangilashning muhim drayverlaridan biriga aylandi.
Loyihani keng ko‘lamda amalga oshirish, zamonaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish maqsadida poytaxtimizning Bektemir tumanidan 8 gektardan ortiq yer maydoni ajratilgan. Korxonaning qisqa fursatda to‘liq quvvat bilan ishga tushishi va yuqori samaradorlikka erishishida O‘zbekistondagi qulay tadbirkorlik muhiti, byurokratik to‘siqlarning yo‘qligi hamda qonunchilik darajasidagi kafolatlar muhim poydevor bo‘ldi.
Ushbu loyiha nafaqat iqtisodiy, balki katta ijtimoiy ahamiyatga ham ega. Bugungi kunda korxonada faoliyat yuritayotgan yuqori malakali ishchi va mutaxassislarning asosiy qismini mahalliy yoshlar tashkil etadi. Ular nemis muhandislaridan zamonaviy texnologiyalarni boshqarish sirlarini o‘rganib, yurtimizda yo‘l qurilishi sohasining yangi avlod kadrlari bo‘lib yetishmoqda.
Ikki tomonlama sheriklik ko‘lamining bunday kengayishi nafaqat sanoat va infratuzilma, balki mehnat migratsiyasi va professional ta’lim yo‘nalishida ham yangi istiqbollarni ochmoqda. Shu bois, tashrif davomida Germaniya Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyerga O‘zbekiston tomonidan tashkil etilgan Migratsiya agentligi hamda Germaniyaning mas’ul tashkilotlari hamkorligida amalga oshirilayotgan maqsadli loyihalar taqdimoti o‘tkazildi. Bu jarayonda yoshlarni ish bilan ta’minlash va ularning kasbiy mahoratini oshirish masalasiga alohida urg‘u berildi.
Mazkur loyihalar o‘zbekistonlik yoshlarga nemis tili va xalqaro kasbiy standartlarni puxta o‘rgatish orqali ularning Germaniyadagi yetakchi sanoat, qurilish, tibbiyot, transport va xizmat ko‘rsatish tarmoqlarida qonuniy hamda xavfsiz mehnat faoliyatini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan. Bu esa mamlakatimizda yoshlar bandligini ta’minlash va ularning jahon mehnat bozorida raqobatbardoshligini oshirishda muhim omil bo‘lmoqda.
Oliy martabali mehmon ikki davlat o‘rtasidagi mehnat migratsiyasi sohasidagi tizimli tashabbuslar va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash dasturlariga alohida qiziqish bildirdi.
Bugungi kunda Germaniyaning 38 ta yirik sherik-ish beruvchi tashkiloti bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri izchil aloqalar o‘rnatilgan. Aynan shu hamkorlik natijasida nemis mehnat bozorida o‘zbekistonlik mutaxassislar uchun 73 mingdan ortiq bo‘sh ish o‘rni taklif qilingan bo‘lib, hozirgi kungacha ushbu yo‘nalishda 5 ming 500 nafar fuqaro germaniyalik ish beruvchilarga biriktirildi.
Tashrif doirasida ayniqsa tibbiyot va sog‘liqni saqlash yo‘nalishidagi qo‘shma loyihalar alohida e’tirof etildi.
Germaniya Prezidenti nemis tili va kasb-hunar sirlarini o‘rganib, Germaniyaga ishga ketishga tayyorgarlik ko‘rayotgan o‘zbekistonlik yoshlar bilan bevosita, samimiy muloqot qildi. Yoshlarning bilimga bo‘lgan intilishi va nemis tilini mukammal egallagani yuqori baholandi.
Bunday maqsadli va izchil tashabbuslar O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi aloqalar nafaqat yirik sanoat loyihalari, balki eng avvalo inson kapitalini rivojlantirish, yoshlarni zamonaviy kasblar bilan ta’minlash va ularning kelajagiga xizmat qiluvchi strategik ko‘prikka aylanganini yana bir bor yaqqol tasdiqlaydi.
<iframe width="360" height="639" src="https://www.youtube.com/embed/Mo6cD_NE4QI" title="O‘zbekiston va Germaniya yoshlar bandligi yo‘nalishidagi hamkorlikni kengaytirmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Ikrom AVVALBOEV,
Otabek MIRSOATOV (surat),
O‘zA