O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida texnik tartibga solish sohasidagi hamkorlik kuchaytiriladi
Texnik jihatdan tartibga solish sohasida O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori A.Jumanazarov Fransiyaning O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Valid Fuk bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari izchil rivojlanib borayotgani, bu esa turli sohalarda yangi imkoniyatlar yaratayotgani qayd etildi.
Ta’kidlash joizki, hozirgi kunda O‘zbekistonda 50 dan ortiq fransuz kompaniyasi faoliyat yuritib kelmoqda. Ular energetika, infratuzilma, ekologiya, aviatsiya, oziq-ovqat sanoati va turizm sohalarida samarali ish olib bormoqda. Jumladan, Orano, SUEZ, Veolia, Total Energies, Voltalia, EDF, Lactalis, Airbus, MND kabi yirik xalqaro kompaniyalar mamlakat iqtisodiyotiga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.

Uchrashuvda texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, metrologiya va muvofiqlikni baholash sohalaridagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.
Shuningdek, malakali kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish, grant va texnik ko‘mak dasturlarini jalb etish, xalqaro loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha fikr almashildi.

Muloqot davomida Fransiyaning qator tashkilotlari bilan hamkorlik imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi. Jumladan, Fransiya standartlashtirish tashkiloti (AFNOR) va Fransiya milliy metrologiya instituti (LNE) bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda Jahon savdo tashkiloti qoidalariga muvofiq standartlarni uyg‘unlashtirish, milliy qonunchilikni xalqaro talablarga moslashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, Yevropa Ittifoqining GSP+ tizimi, “El-yurt umidi” jamg‘armasi hamda Fransiya taraqqiyot agentligi orqali grant va texnik yordam dasturlaridan samarali foydalanish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv doirasida elchi Valid Fuk O‘zbekiston milliy metrologiya instituti laboratoriyalari faoliyati, etalonlarni saqlash va rivojlantirishga qaratilgan texnik baza bilan tanishtirildi. Elchi milliy laboratoriyalarda yaratilgan sharoitlar, texnik baza va etalonlar tizimini yuqori baholadi.
Uchrashuv yakunida tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, muhokama qilingan loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Mazkur muloqot O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida texnik tartibga solish va standartlashtirish sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA