O‘zbekiston va Eron agrar sohadagi hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilab oldi
O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Jamshidjon Abduzuxurov Eron Islom Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirining o‘simlikchilik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Majid Anjafiy bilan videokonferensiya shaklida uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi agrar sohadagi hamkorlikning bugungi holati, amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar hamda istiqboldagi ustuvor yo‘nalishlar atroflicha muhokama qilindi.
Tomonlar o‘simlikchilik, urug‘chilik, bog‘dorchilik, chorvachilik, baliqchilik sohalarida hamkorlikni yanada kengaytirish, shuningdek, zamonaviy agrotexnologiyalar, qishloq xo‘jaligi texnikalari va innovatsion yechimlarni joriy etish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash muhimligini ta’kidladi.
Shuningdek, ilmiy tajriba almashinuvini kengaytirish, qo‘shma ilmiy va amaliy loyihalarni amalga oshirish, mutaxassislar tayyorlash hamda ilg‘or texnologiyalar almashinuvini rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida ikki davlat o‘rtasidagi agrar hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, istiqbolli loyihalarni amalga oshirish va hamkorlik mexanizmlarini yanada takomillashtirish bo‘yicha o‘zaro kelishuvlarga erishildi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA