O‘zbekiston va Buyuk Britaniya: savdo, ta’lim, sog‘liqni saqlash va xavfsizlik sohalaridagi hamkorlik kuchaytiriladi
Tanzaniyaning Arusha shahrida davom etayotgan Parlamentlararo ittifoq (IPU)ning 153-assambleyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva Buyuk Britaniya Parlamenti Jamoatlar palatasi Spikeri Lindsi Xoyl bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash, o‘zaro tashriflar va tajriba almashishni kengaytirish, shuningdek, savdo, ta’lim, sog‘liqni saqlash va xavfsizlik sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.
T.Norboyeva yanvar oyida Londonga amalga oshirgan tashrifi doirasida Buyuk Britaniya parlamentining har ikki palatasi rahbarlari bilan o‘tkazgan uchrashuvlari samarali bo‘lganini qayd etdi. Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ko‘magida tashkil etilgan «Yangi O‘zbekiston – yangi imkoniyatlar» tadbiri hamda qator uchrashuvlarni tashkil etishdagi ko‘magi uchun Britaniya tomoniga minnatdorlik bildirildi.
Buyuk Britaniya parlamenti vakillarining O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan xalqaro parlament tadbirlaridagi faol ishtiroki qayd etildi. Jumladan, parlament rahbar ayollari forumi, Parlamentlararo ittifoqning 150-assambaleyasi hamda Yosh parlamentariylar forumida Buyuk Britaniya vakillari faol qatnashdi. Parlamentarizm sohasida o‘zaro tajriba almashishni davom ettirish va hamkorlikni amaliy tashabbuslar bilan boyitish muhimligi ta’kidlandi.

Uchrashuvda ta’lim sohasidagi aloqalarga alohida e’tibor qaratildi. Buyuk Britaniya universitetlarida 1,5 ming nafar o‘zbekistonlik talaba tahsil olayotgani qayd etildi. Prezident maktablarini tashkil etish va ilg‘or ta’lim tajribalarini joriy qilishda britaniyalik mutaxassislarning hissasi, shuningdek, “British Council” loyihasining ahamiyati ta’kidlandi.
L.Xoyl Londonda O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirdagi ishtirokini esga olib, ushbu tadbir mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarning ahamiyatini namoyon etganini qayd etdi. “Savdo, ta’lim, sog‘liqni saqlash va xavfsizlik sohalarida yaqin hamkorlik qilish, mamlakatlarimiz munosabatlarini rivojlantirish juda muhim va buni eng yuqori darajaga olib chiqishimiz kerak”, dedi u.
Senat Raisi O‘zbekistonda qo‘shma parlamentlararo uchrashuv yoki tadbir o‘tkazish taklifini ilgari surdi hamda Lindsi Xoylni mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif etdi. Jamoatlar palatasi Spikeri O‘zbekistonga tashrif buyurish istagini bildirib, uni tashkil etish bo‘yicha tayyorgarlik ishlarini boshlash niyatini ma’lum qildi.
Norgul Abduraimova, O‘zA