O‘zbekiston va Bolgariya o‘rtasida axborot sohasida strategik sheriklik mustahkamlanmoqda
Bugun Sofiya shahrida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi Bosh direktori Abdusaid Ko‘chimov va Bolgariya Elektron ommaviy axborot vositalari kengashi (CEM) raisi Gabriyela Naplatanova o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda tomonlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi bugungi serqirra munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarilayotgani va bu aloqalarni yanada rivojlantirishda zamonaviy media sohasining hissasi alohida ekanligini qayd etishdi.
Shuningdek, muloqot davomida axborot makonidagi global o‘zgarishlar, soxta xabarlarga (fake news) qarshi birgalikda kurashish hamda xolis va tezkor axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Ayniqsa, mamlakatlarimiz hayotidagi muhim voqealarni keng yoritishda OAV vakillarining o‘zaro tajriba almashinuvini faollashtirish zarurligi ta’kidlandi.
– Bugungi shiddatli axborot asrida davlatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik ko‘prigini mustahkamlashda ommaviy axborot vositalarining roli har qachongidan ham yuqori, - dedi O‘zA rahbari. – Xolis, ishonchli va tezkor axborot almashinuvi nafaqat media sohasini rivojlantiradi, balki mamlakatlarimizning iqtisodiy va madaniy aloqalarini keng jamoatchilikka yetkazishda asosiy omil bo‘lib xizmat qiladi.
O‘z navbatida, Gabriyela Naplatanova ham media sohasidagi hamkorlikning ahamiyatiga to‘xtalib, zamonaviy axborot makonini tartibga solishdagi muhim jihatlarni ta’kidladi.
– Bolgariya va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarning faol rivojlanayotgani media sohasida ham yangi imkoniyatlarni ochmoqda, – dedi CEM raisi. – Bugungi kunda axborot makoni chegara bilmaydi. Shu bois, jurnalistikada kasbiy standartlarga amal qilish, tekshirilgan va ishonchli ma’lumotlarni jamoatchilikka yetkazish har qachongidan ham muhim. Bolgariya Elektron OAV kengashi yurtingizning yetakchi media tashkilotlari bilan tajriba almashish, mutaxassislar o‘rtasidagi muloqotni rivojlantirish va qo‘shma tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga doim tayyor.
Muzokaralar konstruktiv va do‘stona ruhda o‘tdi. Muloqotda shuningdek, CEM kengashi a’zolari Simona Veleva, Kadrinka Kadrinova va Bolgariya axborot agentligi (BTA) bosh kotibi Yuliya Sokolova ishtirok etdi. Uchrashuv yakuniga ko‘ra, media sohasidagi hamkorlikni yanada faollashtirish, o‘zaro tajriba almashishni kengaytirish hamda O‘zbekiston va Bolgariya o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini axborot sohasida ham izchil rivojlantirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Ma’lumot o‘rnida: Bolgariya Elektron ommaviy axborot vositalari kengashi (CEM – Council for Electronic Media) ushbu o‘lkada radio va televideniye faoliyatini tartibga soluvchi mustaqil davlat organi hisoblanadi. Kengash milliy qonunchilik hamda Yevropa Ittifoqi standartlari asosida so‘z va axborot erkinligini himoya qilish, OAVda plyuralizm (fikrlar xilma-xilligi)ni ta’minlash hamda iste’molchilar, ayniqsa, bolalar huquqlarini media mahsulotlarining zararli ta’siridan himoya qilish ustidan nazorat olib boradi.
O‘tkir Alimov, O‘zA