O‘zbekiston va BMT: iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq yangi loyihalar amalga oshiriladi
BMTning O‘zbekistondagi ixtisoslashgan muassasalari bilan hamkorlikda “yashil” iqtisodiyot, iqlim o‘zgarishi, savdoni rivojlantirish kabi yo‘nalishlarda qator loyihalar yo‘lga qo‘yilgan.
BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining “O‘zbekiston Respublikasida iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish bo‘yicha milliy harakatlarni kuzatish va texnik yordam ko‘rsatish bo‘yicha integratsiyalashgan va kengaytirilgan shaffoflik tizimini yaratish salohiyatini oshirish” loyihasi samarali amalga oshirilmoqda.
Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyevaning yurtimizda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan BMT bosh kotibi yordamchisi, Ko‘kalamzorlashtirish va o‘rmonlar bo‘yicha Global forum direktori Juleta Biao Kudenukpo bilan uchrashuvida shu haqda so‘z yuritildi.

O‘zbekiston bilan BMT o‘rtasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, xususan, sog‘liqni saqlash, ekologiya, iqlim o‘zgarishi yo‘nalishlaridagi loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishda buning bolalar, yoshlar va ayollarga ta’sirini hisobga olgan holda yangi loyihalarni amalga oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Ayni paytda Markaziy Osiyo global iqlim o‘zgarishi oqibatlarini tobora ko‘proq boshdan kechirmoqda. Orol dengizining qurishi mintaqada kompleks ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni keltirib chiqarmoqda.
Shu nuqtai-nazardan suhbat chog‘ida BMT va uning ixtisoslashgan idoralarining faol ishtirokida “yashil” texnologiyalarni keng joriy etish va zamonaviy iqlim texnologiyalarini jalb qilish bo‘yicha yangi chora-tadbirlarni amalga oshirish muhimligi ta’kidlandi.
Konstruktiv va amaliy ruhda kechgan uchrashuv yakunida muloqotni tizimli davom ettirish, barqaror rivojlanish, inson huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirish, hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar ko‘lamini kengaytirishga kelishib olindi.
N.Abduraimova,
O‘zA