O‘zbekiston va Belarus Prezidentlari ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalarini muhokama qildilar
30-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari Belarus yetakchisini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘liq, baxt-saodat va muvaffaqiyatlar, do‘st Belarus xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.
O‘z navbatida, Belarus Prezidenti O‘zbekiston yetakchisi va ko‘p millatli xalqini yaqinlashib kelayotgan Mustaqillik kuni bilan samimiy qutlab, bardavom taraqqiyot va farovonlik tiladi.
Joriy yil 8-9-iyul kunlari Prezidentimizning Minsk shahriga rasmiy tashrifida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston – Belarus strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Samarali muloqot va almashinuvlar, shu jumladan, ikki mamlakat hududlari darajasida amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Yil boshidan buyon tovar ayirboshlash hajmi 28 foizga oshdi. Qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik, farmatsevtika, elektrotexnika, yengil sanoat va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Yetakchilar bo‘lajak ikki tomonlama uchrashuv va tadbirlar rejasini ham muhokama qildilar.