O‘zbekiston va AQSH raqamli hamkorlikning yangi bosqichini muhokama qildi
AQSH Savdo vazirining yordamchisi Devid Fogel boshchiligidagi delegatsiya Raqamli texnologiyalar vazirligiga tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida mehmonlarga mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, IT xizmatlari eksportini kengaytirish hamda xalqaro texnologik hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar taqdim etildi.
Dastlab delegatsiya a’zolariga IT Park Uzbekistan faoliyati, rezidentlar uchun yaratilgan imkoniyatlar, IT xizmatlari eksporti ko‘rsatkichlari, xorijiy kompaniyalarni jalb etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan dasturlar hamda mamlakatimizni mintaqaviy texnologik xabga aylantirishga qaratilgan tashabbuslar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Shundan so‘ng mehmonlar UZINFOCOM faoliyati bilan tanishdi. Ularga davlat axborot tizimlari, bulutli texnologiyalar, sun’iy intellekt yechimlari, raqamli xizmatlar va mamlakatda shakllantirilayotgan raqamli infratuzilma bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar taqdim etildi.
Tashrif doirasida raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov hamda Devid Fogel o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar davomida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish, IT xizmatlari eksportini oshirish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash hamda AQSHning yetakchi IT kompaniyalari bilan hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, mamlakatda zamonaviy data-markazlar infratuzilmasini rivojlantirish, xalqaro standartlarga javob beradigan yirik hisoblash quvvatlarini yaratish, bulutli texnologiyalar xizmatlarini kengaytirish va ushbu sohaga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Kiberxavfsizlik sohasidagi hamkorlik ham uchrashuvning muhim mavzularidan biri bo‘ldi. Tomonlar kibertahdidlarga qarshi kurashish, soha mutaxassislari salohiyatini oshirish, ta’lim va malaka oshirish dasturlarini rivojlantirish, shuningdek, AQSHning yetakchi kompaniyalari va ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar raqamli transformatsiya, sun’iy intellekt, kiberxavfsizlik va data-markazlar infratuzilmasini rivojlantirish sohalaridagi hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha muloqotlarni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
N.Rahmonova,
O‘zA