O‘zbekiston va Afg‘oniston transport hamkorligini yanada mustahkamlamoqda
Qobul shahrida O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida transport va tranzit sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan muhim muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi transport vaziri Ilhom Mahkamov hamda Afg‘onistonning transport va aviatsiya vaziri Muhammad Fozil Mazlum ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida ikki davlat o‘rtasida avtomobil yuk tashuvlarini rivojlantirish, milliy tashuvchilar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish hamda Afg‘oniston hududida O‘zbekiston tashuvchilaridan undiriladigan yig‘imlarni maqbullashtirish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Tomonlar yig‘imlar miqdorini qisqartirish va ularni o‘zaro tenglik tamoyili asosida belgilash bo‘yicha idoralararo ishchi guruhning navbatdagi uchrashuvini 2026-yil 10-avgustga qadar o‘tkazishga kelishib oldi. Bu tashabbus xalqaro avtomobil tashuvlarida yuzaga kelayotgan iqtisodiy va tashkiliy masalalarni samarali hal etishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Shuningdek, milliy xalqaro tashuvchilar faoliyatida uchrayotgan mavjud muammolarni tezkor hal etish maqsadida Afg‘onistonning tegishli mutasaddi idoralari vakillari ishtirokida yaqin muddatlarda alohida amaliy uchrashuv o‘tkazish yuzasidan ham kelishuvga erishildi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, mazkur muloqot ikki mamlakat o‘rtasidagi transport va tranzit sohasidagi amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlash, xalqaro yuk tashuvlari hajmini oshirish, logistika zanjirlarini takomillashtirish hamda tadbirkorlar uchun qulay transport muhitini yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ayniqsa, O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi tranzit salohiyatini kengaytirish va Afg‘oniston orqali Janubiy Osiyo bozorlariga chiqish imkoniyatlarini oshirish nuqtai nazaridan bunday muloqotlar strategik ahamiyatga ega. Bu esa nafaqat ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aloqalarini faollashtirish, balki mintaqaviy transport yo‘laklarining raqobatbardoshligini oshirishga ham xizmat qilishi kutilmoqda.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA