O‘zbekiston universitetlari diplomlari xalqaro miqyosda tan olinishiga yo‘l ochildi
London shahrida o‘tgan “Education World Forum – 2026” doirasida oliy ta’limda sifatni ta’minlash sohasidagi eng yirik xalqaro tarmoqlardan biri — INQAAHE (International Network for Quality Assurance Agencies in Higher Education)ga Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi to‘liq a’zo bo‘ldi.
Mazkur a’zolik O‘zbekiston milliy akkreditatsiya tizimining xalqaro standartlarga muvofiqligini anglatadi.
INQAAHEga to‘liq a’zolik bir qator imkoniyatlarni kengaytiradi.
Xususan, akkreditatsiyadan o‘tgan oliy ta’lim muassasalari diplomlarining xalqaro miqyosda tan olinishi kuchayadi, bitiruvchilarning xorijda ta’lim va mehnat faoliyatini davom ettirish imkoniyatlari kengayadi. Bundan tashqari, davlat akkreditatsiyasi natijalarining xalqaro darajada e’tirof etilishi ortadi, oliygohlarning xalqaro reytinglar, akkreditatsiya jarayonlari va grant dasturlarida ishtirok etishi yengillashadi.
Shuningdek, yetakchi xorijiy universitetlar bilan qo‘shma ta’lim dasturlari, ikki diplomli dasturlar hamda talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi ko‘lami kengayadi.
Akkreditatsiya jarayonlariga INQAAHE tarmog‘i orqali yuqori malakali xalqaro ekspertlarni jalb etish imkoniyati yaratiladi, bu esa davlat akkreditatsiyasi sifatini yanada oshiradi.
Milliy ekspertlar malakasini oshirish va xalqaro tajribani tizimli o‘rganish imkoniyatlari kengayadi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA