O‘zbekiston – ulkan o‘zgarishlar mamlakati
AQSHda taqdimoti bo‘lib o‘tgan “Millat shavkati” kitobi haqida
Tunov kuni qo‘l telefonim jiringladi.
– Assalomu alaykum!
– Vaalaykum assalom, eshitaman...
“Vatan Global Alliance” tashkilotidan qo‘ng‘iroq qilishayotgan ekan.
– Sizni raisimiz Ozodjon Soliyevning topshirig‘i bilan bezovta qilyapmiz. Filadelfiyada “Millat shavkati” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatidan mehmonlar kelishi kutilmoqda. Sizni ushbu tadbirda ishtirok etishga taklif qilamiz. Hozir kitobning elektron nusxasini Telegram orqali yuboramiz, – deyishdi.
Men taklif uchun minnatdorlik bildirib, go‘shakni qo‘ydim. Oradan bir necha daqiqa o‘tar-o‘tmas, kitobni yuborishdi.

Delegatsiya kelar ekan, demak, mehmonlar orasida yozuvchi ham bo‘ladi va uning ijodiy uchrashuvi o‘tkazilsa kerak. Shunday ekan, menga yangi roman yoki qissa yuborishibdi-da. Men shunday, deb o‘yladim. Kompyuterni yoqdimu, kitobni ochdim... Tez orada adashganimni angladim.
Qo‘limdagi asar roman ham, qissa ham emas edi. Bu butunlay boshqacha bir kitob ekan. Men uni ham ko‘zgu, ham kompas deb atagan bo‘lardim. Ko‘zgu – chunki uni o‘qir ekansiz, beixtiyor ortga nazar tashlaysiz, boshdan kechirganlaringizni, mamlakat tarixini, og‘ir yillarimiz, xatolarimiz, kechinmalarimiz va umidlarimizni eslaysiz. Kompas – chunki kitob bizni bugun qayerga ketayotganimiz va O‘zbekistonning ertangi kunini qanday ko‘rishni istayotganimiz haqida mushohada qilishga undaydi.
Ayrim sahifalarni o‘qib, umrimni boshqatdan yashagandek bo‘ldim.
Yoshim 70 ga borib qolgan. Samarqandda tug‘ilganman. Toshkent aloqa institutini tamomlaganman. O‘z fikrimga va taqqoslash huquqiga ega bo‘lish uchun yetarlicha yashab qo‘ydim. Shu bois “Millat shavkati” kitobini o‘qir ekanman, ko‘z o‘ngimda o‘tmish manzaralari, ayniqsa, so‘nggi o‘n yilda ro‘y bergan voqealar beixtiyor jonlandi.
Kitobda zamonaviy O‘zbekiston hayotidan ko‘plab misollar keltirilgan. Muallif bo‘lib o‘tgan voqealar haqida ochiq va to‘g‘ridan-to‘g‘ri gapirib, “Kecha nimalarga ega edigu bugun qanday yutuqlarga erishdik?”, “Kelajakda qanday yo‘ldan borishni maqsad qilganmiz?” kabi og‘ir savollarni o‘rtaga tashlashdan qo‘rqmaydi.
Aynan shuning uchun ham oddiy kitobxon sifatida kitob muallifi – taniqli davlat arbobi, siyosatshunos, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Qudratilla Rafiqovga samimiy minnatdorligimni bildirmoqchiman. Avvalo, samimiyati, qat’iy fuqarolik pozitsiyasi, voqealarni yuzaki emas, balki rivojlanishi va o‘zaro aloqadorligida ko‘rib chiqishga intilgani uchun tashakkur.
Vaqt oqar suvdek o‘tib bormoqda. Kundalik hayot tashvishi va yumushlari ichida yurib, inson o‘zgarishlarga ko‘nikib qolar ekan. Kechagina deyarli imkonsiz tuyulgan narsa bugun oddiy bir holdek qabul qilinadi. Biz har bir yangi korxona, yo‘l, maktab, xalqaro shartnoma, iqtisodiy islohot yoki sportdagi yutuqlar ortida qancha mehnat yotgani haqida kamdan-kam o‘ylaymiz.
Hech narsa o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolmaydi. Katta o‘zgarishlar zamirida doim inson mehnati, bilimi, shijoati, mas’uliyati, sog‘lig‘i, ba’zan esa bedor tunlari turadi.
Avraam Linkolnning mashhur bir gapi bor: “Kelajakni bashorat qilishning eng yaxshi yo‘li uni yaratishdir”.
Men bu fikrning ma’nosini chuqur anglayman. Darhaqiqat, kelajakni shunchaki kutib o‘tirib bo‘lmaydi. Uni o‘z qo‘llarimiz bilan qurishimiz kerak. Bugungi kunni qadrlash, mas’uliyatdan qo‘rqmaslik va ertangi kun bugundan boshlanishini yodda tutish lozim.
“Millat shavkati” kitobini o‘qib, mening ham ortga bir nazar tashlagim keldi. Axir, xalqimiz ko‘p narsa qiyosda bilinadi, deb bejizga aytmaydi.
Ko‘p narsani o‘zgartirgan o‘n yil
O‘zbekiston hayotining so‘nggi o‘n yilligiga nazar tashlar ekanmiz, yuz bergan o‘zgarishlar ko‘lamini ko‘rmaslik qiyin. Gap faqat bitta yo‘nalish haqida ketayotgani yo‘q. Tashqi siyosat, iqtisodiyot, qo‘shni davlatlar bilan munosabatlar, biznes uchun sharoitlar, transport, madaniyat, turizm, ta’lim, sport – barchasi o‘zgardi.
Albatta, hamma o‘zgarishlarni bir maqolada sanab o‘tishning imkoni yo‘q. Shu bois, uzoq vaqtdan beri Vatandan yiroqda yashaydigan va ro‘y berayotgan har bir voqeaga olisdagi vatandosh nigohi bilan qaraydigan inson sifatida men uchun yaqqol sezilgan jihatlarga to‘xtalib o‘taman.
Qo‘shnilar yana yaqinlashdi
Men, ayniqsa, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan munosabatlardagi o‘zgarishlarni muhim deb hisoblayman.
Yaqin-yaqingacha qo‘shnilar o‘rtasida chegaralar yopiq, ko‘plab cheklovlar, bordi-keldi va o‘zaro muloqotda qiyinchiliklar bo‘lganiga bugun ishonish qiyin. Ba’zan odamga qo‘shni respublikadagi qarindoshini ko‘rib kelishdan ko‘ra minglab kilometr olisga borish osonroq edi.
So‘nggi yillarda ko‘p narsa o‘zgardi. O‘zbekistonning Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston bilan munosabatlari mustahkamlandi.
Buning zamirida faqat siyosat yotgani yo‘q. Bu asrlar davomida yonma-yon yashab kelgan xalqlar hayotining tabiiy rishtalari qayta tiklanishidir.
Ota-bobolarimiz “Xursandchilik yoki kulfatda oldinga birinchi bo‘lib olisdagi qarindoshing emas, qo‘shning yetib keladi”, deb bejiz aytishmagan. Bu so‘zlarda butun bir falsafa mujassam.
Aynan shuning uchun Markaziy Osiyodagi o‘zaro hurmatga asoslangan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari butun mintaqa kelajagi uchun g‘oyat katta ahamiyatga ega.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston xalqaro maydonda ham ancha faollashdi. Mamlakatimizga Markaziy Osiyo, MDH mamlakatlari, Xitoy, Rossiya, Hindiston, Pokiston, Turkiya, Eron, Yevropa va Yaqin Sharq davlatlarining yetakchilari va hukumat rahbarlari tashrif buyurdi.
O‘zbekistonda xalqaro anjuman, forum va sammit, shu jumladan, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalarning tadbirlari o‘tkazildi.
Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston tobora dunyo e’tiboriga tushmoqda.
Iqtisodiyot: odamlar o‘z hayotida his qilgan o‘zgarishlar
Mening zamondoshlarim yaxshi eslaydigan narsalar bor. Masalan, valyuta konvertatsiyasi. Bir paytlar bank orqali xorijiy valyutani rasman sotib olish nihoyatda qiyin edi. Odamlar konvertatsiyani haftalab, oylab kutishardi. Natijada fuqarolar uchun ham, tadbirkorlar uchun ham noqulay bo‘lgan butun bir muqobil tizim yuzaga kelgandi.
2017-yilda valyuta bozori erkinlashdi va vaziyat tubdan o‘zgardi.
Bugun bu holat tabiiy holdek qabul qilinishi mumkin. Ammo o‘sha yillar bilan qiyoslansa, o‘zgarishlar yaqqol ko‘rinadi.
Yana bir misol – paxta terimi. Ko‘p yillar davomida paxta terimi deyarli umumxalq majburiyatiga aylanib qolgandi. Dalalarga talabalar, byudjet tashkilotlari, korxona va muassasalar xodimlari jo‘natilardi.
Bu amaliyotdan voz kechilishi so‘nggi yillardagi muhim o‘zgarishlardan biri va ayni paytda inson mehnatiga yangicha munosabatning ifodasi bo‘ldi.
O‘tgan davr mobaynida mamlakatimizda keng ko‘lamli iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar amalga oshirildi, xorijiy sarmoyalar faol jalb etilib, yangi korxonalar tashkil etildi, infratuzilma rivojlantirildi. To‘g‘ri, muammolar ham yo‘q emas. Ularning barchasi hal etildi, desak noto‘g‘ri bo‘ladi. Biroq taraqqiyot yo‘lida dadil odimlayotganimizni ham tan olmaslik adolatdan bo‘lmaydi.
Tinchlik himoyalanganlikdan boshlanadi
Mamlakatning mudofaa salohiyatiga alohida to‘xtalib o‘tmoqchiman. Tinchlikni istasang, uni himoya qilishga tayyor bo‘l, degan gap bor. Shu ma’noda, qurolli kuchlar urush uchun emas, avvalo, urush uyimizga kirib kelmasligi uchun kerak.
Bugun O‘zbekiston kuchli armiya, zamonaviy mudofaa tizimi va katta harbiy salohiyatiga ega. Murakkab mintaqada joylashgan davlatimiz uchun bu milliy xavfsizlik, mustaqillik va xalq osoyishtaligi masalasidir.
Madaniyat, ma’naviy meros va turizm
O‘zgarishlar tarixiy va ma’naviy merosga bo‘lgan munosabatda ham aks etmoqda.
O‘zbekiston noyob boyliklarga ega. Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Termiz shunchaki shaharlar emas. Ular jahon tarixining sahifalaridir. Bugun ular butun dunyo e’tiborida.
Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazi bunyod etildi. Yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk olim va mutafakkirlar merosiga katta e’tibor qaratilmoqda. Ular orasida nomi butun musulmon olamiga mashhur bo‘lgan buyuk muhaddis Imom al-Buxoriy alohida o‘rin tutadi.
Uning Samarqand yaqinidagi maqbarasi va yodgorlik majmuasi mamlakatning eng yirik ma’rifat markazlaridan biriga aylanmoqda. Samarqandlik bo‘lganim uchun turli mamlakatlardan millionlab odamlar yurtimizga nafaqat sayyoh, balki buyuk alloma xotirasiga hurmat bajo keltirish uchun ziyoratchi sifatida ham kelayotgani meni quvontiradi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonga sayyohlar oqimi sezilarli darajada oshdi. “Millat shavkati” kitobida 2025-yilda yurtimizga 11,7 million, 2026-yilning dastlabki yetti oyida esa 7,75 million xorijiy sayyoh tashrif buyurgani haqida ma’lumotlar keltirilgan. Biroq bu raqamlar ortida keng ko‘lamli o‘zgarishlar bor. Bu — yangi mehmonxona va restoranlar, hunarmandlar, muzeylar, savdoning ortishi, yangi ish o‘rinlari va dunyoning O‘zbekiston haqidagi yangi tasavvuridir.
Bugun mehmonlarni zamonaviy aeroportlar, “Afrosiyob” tezyurar poyezdlari, shaharlararo avtobuslar, yangi mehmonxonalar kutib olishga shay. Lekin eng muxim jihat bo‘lib mudom mehmondo‘stligimiz qoladi.
“Barakalla, yigitlar!”
Sportdagi yutuqlarimizga ham alohida to‘xtalib o‘tish lozim.
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasining Jahon chempionatiga chiqqani millionlab insonlarga quvonch bag‘ishlagan tarixiy voqea bo‘ldi.
“Barakalla, yigitlar!” deging keladi.
Lekin gap faqat futbolda emas. Yigit-qizlarimiz Olimpiya o‘yinlari va jahon chempionatlarida g‘olib bo‘lmoqda, boks, dzyudo, shaxmat va boshqa ko‘plab sport turlarida muvaffaqiyat qozonyapti.
Har bir g‘alaba shunchaki medal emas. O‘zbekiston bayrog‘i ko‘tarilgan, madhiyamiz yangragan onlarda sportchi butun dunyo oldida Vatanimiz elchisiga aylanadi. Shunda beixtiyor oddiy bir savol tug‘iladi: “Bizning boshqalardan nimamiz kam?”
Hech narsamiz! Faqat ishlash, ishonish va izlanishda to‘xtamaslik kerak.
Asosiy boylik – yoshlar
O‘zbekiston aholi tarkibiga ko‘ra juda yosh mamlakat.
Kitobda aholining qariyb 40 foizini yigirma yoshgacha bo‘lganlar, mamlakat fuqarolarining yarmidan ko‘pini esa o‘ttiz yoshga kirmaganlar tashkil etishi haqida aytilgan. Bu – katta kuch va shu bilan birga ulkan mas’uliyat.
Yoshlarga ta’lim, kasb-hunar, ish, oila qurish imkoniyati va kelajakka ishonch kerak.
Yoshlarimiz nafaqat O‘zbekistonda, balki dunyoning eng nufuzli xorijiy universitetlarida ham o‘qishi, tajriba orttirishi, zamonaviy kasb va texnologiyalarni o‘zlashtirishi muhim. Ammo bu tajriba pirovardida o‘z Vatani uchun xizmat qilishi undan ham muhim.
Men buni ummon to‘lqiniga o‘xshataman. To‘lqin qirg‘oqqa intiladi, o‘zi bilan katta kuch olib keladi va yana ummonga qaytadi. Yoshlar ham xuddi shunday. Mayli, yigit-qizlarimiz turli mamlakatlarga borsin, o‘qisin, dunyoni ko‘rsin, diplomlaru ilmiy darajalar olsin, mahoratini oshirsin. Lekin bir kun kelib bu katta kuchning salmoqli qismi Vatanga qaytib kelsin. Uylar, korxonalar qurish uchun, odamlarni davolash uchun, bolalarni o‘qitish uchun, ilm bilan shug‘ullanish uchun, yangi texnologiyalarni ishlab chiqish uchun va Yangi O‘zbekistonni barpo etishni davom ettirish uchun.
Yaqinda bir qiziq ma’lumotga ko‘zim tushdi. Qoraqalpog‘iston, Guliston, Xorazm va Farg‘onadagi to‘rtta maktab o‘n birinchi sinf bitiruvchilarining barchasi oliy o‘quv yurtlariga kiribdi. Agar shunday bo‘lsa, ustozlarga ham, o‘quvchilarga ham tasanno!
Bunday natijalar o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi. Ular ortida mehnat, talabchanlik, o‘qituvchining bolaga bo‘lgan ishonchi va o‘quvchining maqsad sari intilishi yotadi. Demak, xohish bo‘lsa, ko‘p narsaga erishish mumkin ekan.
Bugun O‘zbekistonda naqadar iqtidorli yoshlar voyaga yetayotganini ko‘rish juda quvonarli.
Biz ham bir paytlar yosh bo‘lganmiz
Bu mavzu men uchun nega muhim? Sababi bir paytlar o‘zim ham shahar yoshlar tashkilotida ishlaganman va bu maktabdan o‘tganimdan baxtiyorman.
Biz o‘zimizni bitta katta oiladek his qilardik. Umumiy ishlarimiz, do‘stligimiz, bahslar, rejalarimiz bo‘lardi. Yoshlar korxonalar, shaharlar, yo‘llar qurilishida qatnashardi.
Bugun sobiq komsomol xodimlari va faollari keksa avlod vakillariga aylangan. Lekin bizda tajriba, bilim, aloqalar, xotira bor. Bular ham mamlakatga foyda keltirishi mumkin.
Katta avlod yoshlar kelajakni qurayotganini shunchaki chetdan kuzatib turmasligi kerak. Agar maslahat, tajriba, bilim bilan yordam bera olsak, nur ustiga nurdir. Yoshlarga buyruq, pand-nasihat emas, aynan yordam berish kerak. Chunki ular – kelajak egalari.
Vatanni duo qilib...
Xalqimizga xos yana bir jihat borki, uni, ayniqsa, Vatandan olisda yashaganingda qadrlay boshlaysan.
Dasturxon atrofida, tushlikdan so‘ng, oilaning ulug‘i qo‘llarini duoga ochadi. Boshqalar ham unga ergashadi va duo o‘qiladi:
«Yurtboshimizning boshlari omon bo‘lsin, yurtimiz tinch bo‘lsin, bolalarimizning kelajagi porloq bo‘lsin, mehnat qilganlarga baraka bersin, yomonlarga insof bersin, o‘tgan bobokalonlarimizning ruhlari shod bo‘lsin, Yaratganning o‘zi hammamizni o‘z panohida asrasin».
Bu siyosiy shior emas. Bu — yurt tinchligi, oila farovonligi va farzandlar osoyishtaligini doimo oliy qadriyat deb bilgan xalqning ko‘p asrlik an’anasi.
Oldinda hali qilinadigan ishlar ko‘p
Erishilgan yutuqlar bilan cheklanib qolmaslik kerak. Xotirjamlikka berilgan zahotiyoq rivojlanish to‘xtaydi.
Har bir harakat qarshi harakatni keltirib chiqaradi. Bu hayot qonuni. Xalqimizda “Harakatda – barakat”, deb bejiz aytilmaydi. Asosiy vazifa bir kun kelib: «Hammasini bajardik», deb e’lon qilishdan iborat emas. Davlat hayotida bunday kunning o‘zi bo‘lmaydi.
Muhimi, oldinga yurishda davom etish, xatolarni tuzatish, odamlarni tinglash, tanqiddan qo‘rqmaslik, erishilgan yutuqlarni saqlash va yangi marralar sari intilish kerak.
Bugun men O‘zbekistonni oldinga intilayotgan mamlakat sifatida ko‘rayapman. Bu harakat hatto uzoqdan — Amerikadan ham ko‘zga tashlanyapti.
Vatan uzoqlashgan sari yaqinlashadi
Ehtimol, uzoq yillar yurtidan yiroqda yashagan inson Vatanni biroz boshqacharoq idrok etar. Olisda bo‘lganingda ona tili, non isi, Samarqand tongi, qadrdon do‘st ovozi, o‘zbekcha qo‘shiq, oddiygina «mahalla» so‘zining qadrini yanada chuqur anglay boshlaysan.
O‘z yurting haqidagi kitobni minglab chaqirim uzoqlikda o‘qiganingda, sahifalar butunlay boshqacha qabul qilinadi. Ko‘z oldingda odamlar, voqealar, shaharlar gavdalanadi. Ichingda ham g‘urur, ham savollar, ham xavotir, ham umid uyg‘onadi. Bularning barchasi bir so‘z bilan Vatan deb ataladi.
«Millat shavkati» kitobini o‘qiganimda aynan shunday tuyg‘ularni his etdim, kitob taqdimoti menda ana shunday iliq taassurotlar qoldirdi.
A’zam Ahrorov,
tadbirkor, optik tolali aloqa bo‘yicha mutaxassis,
Ilhom Karimov nomidagi Toshkent biznes klubi a’zosi.
O‘zA