O‘zbekiston – Tojikiston munosabatlari axborot hamkorimiz nigohida
Markaziy Osiyoda integratsiya jarayonlari, ayniqsa, O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar har tomonlama yangi bosqichga chiqmoqda.
Mazkur jarayonlar mintaqa axborot maydonida ham yaqqol aks etmoqda. Xususan, O‘zAning Tojikistondagi hamkori - “Xovar” davlat axborot agentligi nashr etgan “Tojikiston — O‘zbekiston: ishonch, do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash yo‘lida mushtarak sa’y-harakatlar” nomli tahliliy maqolada ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi yillarda sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgani qayd etilgan.
Ta’kidlashicha, 2024-yil 18-aprelda imzolangan ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi kelishuv ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni strategik darajaga olib chiqqan. Shu bilan birga, siyosiy muloqot faollashuvi, savdo-iqtisodiy aloqalar kengayishi va gumanitar hamkorlik institutsionallashuvi mintaqaviy integratsiya jarayonlarini jadallashtirmoqda.
Maqolada Vashingtondagi “C5+1” sammiti, Xo‘jand shahrida o‘tgan Tojikiston, O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida chegara nuqtalarini delimitatsiya qilish bo‘yicha imzolangan kelishuv Markaziy Osiyoda yangi hamkorlik modeli shakllanayotganidan dalolat berishi ta’kidlangan.
Mualliflarning yozishicha, Xo‘jand deklaratsiyasi xalqaro hamjamiyat tomonidan ham ijobiy baholangan. Jumladan, BMT, SHHT, IHT kabi nufuzli tuzilmalar ushbu jarayonni mintaqada barqarorlik va hamkorlikni mustahkamlash yo‘lida muhim qadam sifatida e’tirof etgan.
Shuningdek, tahlilda madaniy-gumanitar hamkorlik yangi bosqichga chiqqaniga ham urg‘u berilgan. Xususan, ikki o‘lka teatr jamoalarining o‘zaro gastrollari, qo‘shma festivallar va madaniy tadbirlar xalqlar o‘rtasidagi yaqinlikni yanada mustahkamlayotgani bayon etilgan.
Shu bilan birga, sport sohasida O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘izistonning Osiyo kubogi–2031 musobaqasini birgalikda o‘tkazish bo‘yicha ariza berishi mintaqaviy hamkorlikning amaliy ifodasi sifatida qayd etilgan.
D.Hakimov, O‘zA