O‘zbekiston tibbiyotida maktab yaratgan buyuk ustozlar va ularning ilmiy merosi
1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni
Mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimining bugungi yuksak taraqqiyoti, ilg‘or amaliyotlarning joriy etilishi va xalqaro maydonda erishilayotgan yutuqlar o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolgani yo‘q. Buning ortida o‘z umrini ilm-fanga, insonlar salomatligini asrashga baxshida etgan fidoyi shifokorlar, olimlarimizning mashaqqatli mehnati yotibdi. O‘zbekiston tibbiyotida o‘ziga xos maktab yaratgan buyuk shaxslarning hayot yo‘li va ilmiy merosi barchamizga ibratdir.
Jarrohlik ilmining rivojlanishi bevosita akademik Vosit Vohidov (1917–1994) nomi bilan bog‘liq. U O‘zbekistonda ixtisoslashtirilgan jarrohlik maktabiga asos solib, ko‘krak qafasi va yurak jarrohligining eng murakkab operatsiyalarini amaliyotga muvaffaqiyatli joriy etdi. Uning boy tajribasi ko‘plab yosh mutaxassislarning yetishib chiqishiga zamin yaratdi.
Bu an’anani munosib davom ettirgan akademik O‘ktam Oripov (1927–2001) esa respublikamizda transplantologiya asoslarini yaratdi. 1972-yilda uning bevosita rahbarligi va ishtirokida O‘zbekistonda ilk bor buyrak ko‘chirib o‘tkazish operatsiyasi amalga oshirildi. Bu tarixiy voqea nafaqat mamlakatimiz, balki butun Markaziy Osiyo tibbiyoti taraqqiyotida ulkan burilish yasadi.
Tibbiyot fanining negizi hisoblangan fundamental yo‘nalishlarda ham buyuk nazariyotchilar yetishib chiqdi. Akademik Komiljon Zufarov (1925–2002) O‘zbekistonda gistologiya ilmiy maktabini shakllantirib, elektron mikroskopik tadqiqotlarni yuqori bosqichga ko‘tardi. Uning qalamiga mansub o‘zbek tilidagi “Gistologiya” darsligi tibbiyot ta’limining oltin fondiga kirdi.
Shuningdek, O‘zbekiston Qahramoni, akademik Malika Abdullaxo‘jayeva (1932–2018) kasalliklarning hujayra va to‘qimalardagi o‘zgarishlarini chuqur o‘rganib, patologik anatomiya markazini tashkil etdi va milliy kadrlar tayyorlashga ulkan hissa qo‘shdi.
Akademik Yolqin To‘raqulov (1916–2005) esa qalqonsimon bez gormonlari va yod almashinuvini ilmiy jihatdan tadqiq etib, endokrinologiya hamda biokimyo sohasida xalqaro miqyosda e’tirof etilgan maktab yaratdi.
Tibbiyotning klinik va nazariy sohalarini uyg‘unlashtirgan namoyandalardan biri akademik Nabi Majidov (1928–2010) nevrologiya maktabini rivojlantirib, asab tizimi kasalliklarini davolash bo‘yicha qiymati baland monografiya va darsliklar muallifi bo‘ldi.
Anatomiya fani rivojiga munosib hissa qo‘shgan professorlar Hakim Zohidov (1912–1978) hamda Nosir Ahmedov (1922–2004)larning ilmiy merosi beqiyosdir.
Xususan, Nosir Ahmedov tomonidan yaratilgan ikki jildli “Odam anatomiyasi” atlasi va darsliklar necha-necha avlod shifokorlari uchun asosiy bilim manbai bo‘lib xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, professor Naima Mahmudova (1928–2017) ijtimoiy gigiyena va sog‘liqni saqlashni tashkil etish, bolalardagi tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya masalalarida o‘ziga xos maktab yaratdi. Bugungi kunda ham o‘z ilmiy faoliyatini muvaffaqiyatli davom ettirib kelayotgan akademik Shavkat Karimov qon tomir va yurak jarrohligini yangi bosqichga ko‘tarish, aorta va yirik arteriyalarda zamonaviy rekonstruktiv operatsiyalarni keng joriy etish borasida ulkan maktab yaratdi.
Darhaqiqat, haqiqiy ustoz o‘z ortidan yaxshi nom, ilmiy meros va shogirdlar qoldiradi. Bu buyuk ustoz-shifokorlarning hayot yo‘llari ana shunday ezgulikka yo‘g‘rilgan, ilmga bag‘ishlangan ediki, ular hamon ilmiy izlanishlari va yaratgan maktablari bilan insoniyatga xizmat qilayotir.
Mohigul Qosimova, O‘zA