O‘zbekiston terma jamoasi g‘olib bo‘ldi
Mamlakatimizda Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan sport turlari qatorida taekvondo (WT) yo‘nalishini yanada ommalashtirish, chekka hududlardan iqtidorli yoshlarni saralash maqsadida bir qator xalqaro musobaqalar o‘tkazilmoqda.
Namangan shahridagi “Pahlavon” sport majmuasida besh kun davom etgan, mingdan ortiq sharqona yakkakurash ustalarini tatamiga chorlagan “Namangan open” uchinchi xalqaro turniri ham bir qator yangi nomlarni kashf qilish asnosida mahoratli taekvondochilarni ham aniqlab berdi.
O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, Respublika Sportni rivojlantirish vazirligi, O‘zbekiston taekvondo WT federatsiyasi hamda Namangan viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan mazkur an’anaviy musobaqada mamlakatimiz vakillaridan tashqari Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Eron Islom Respublikasi, Tojikiston va Pokiston Islom Respublikasidan kelgan eng sara sportchilar 45 kilogrammdan +87 kilogrammgacha bo‘lgan 30 ta vazn toifasida o‘zaro kuch sinashdi.

– Namanganga uchinchi bor kelishimiz. Chegaralar ochilgani tufayli O‘zbekiston ikkinchi uyimiz bo‘lib qoldi. Navbatdagi nufuzli musobaqada 60 nafardan ortiq sportchi va to‘rt nafar hakam bilan ishtirok etdik, – deydi Tojikiston jamoasining yoshlar bo‘yicha oliy toifali murabbiysi Daler Fozilov. – Bizda futbol va dzyudo turlari bilan birga taekvondo ham rivojlanmoqda. Osiyo chempionatida sovrindor bo‘lgan shogirdimiz ham musobaqada qatnashdi.

Qiziqarli va murosasiz bahslarga boy kechgan musobaqaning qizlar o‘rtasida O‘zbekiston vakillari Dilnoza Tangirova, Diyora Imomaliyeva, Madina Aksoy, Dilbaroy Sobirova, Gulsanam Alijonova, Gulorom Azmetova, Tojikistondan Tina Majid Modanlou va Munira Abdusalomovalar g‘olib bo‘ldi.
O‘g‘il bolalar o‘rtasidagi janglarda mamlakatimiz sportchilari Omonjon Otajonov, Otabek Turg‘anbekov, Zafarbek Karimov, Behruz Isayev, Diyorbek Tuxliboyev, Mavlon To‘xtasinboyev, Azizbek Abduqodirov hamda qozog‘istonlik Beybaris Kablan zafar nashidasini surdi.
O‘smirlar toifasidagi bellashuvlarda Qozog‘istondan Alibek Nurgazi, Abay Seidahmet, Abdulla Abilqosim, Bekaris Nurgazi, mamlakatimizdan Kamronbek Mansurov, Muhammadjon Adhamov, Jaloliddin Mustafoqulov, Ozodbek Mamadaliyev, Nurlan Boyxo‘jayev va Javohir Hidoyatovlarga teng keladigan topilmadi.

Xuddi shu yo‘nalishda qizlar ishtirokida esa hamyurtlarimizdan Gulshanoy Ismoilova, Diyora Ziyoyeva, Laylo Hasanova, Dilshoda Mirhaydarova, Shabbona Abduvaliyeva, Laylo Zayniddinova, Sabrina Pardayeva, qozog‘istonlik Almira Kanat, Aida Taukenova va Dariya Manaskizi mutlaq ustunlikka ega bo‘ldi.
– Taekvondo bilan to‘rt yildan buyon shug‘ullanaman. Ustoz murabbiylarning ko‘rsatmalarini to‘g‘ri bajarayotganim, muhim ta’lim va sportni o‘zaro hamohang olib borayotganim muvaffaqiyatlarimga katta turtki bo‘lmoqda, – deydi Namangan davlat universitetining jismoniy madaniyat va sport fakulteti talabasi Gulsanam Alijonova. – Sport turlari nafaqat viloyat markazi, balki chekka va olis hududlarda ham qanot yozayotganligining amaldagi ifodasini Norin tumanidagi oddiy qishloq farzandi sifatida his etmoqdaman. Birgina misol, Livan davlatida o‘tkazilgan “Beyrut open” xalqaro turnirida bronza medalini oldim. Viloyatimiz mezbonlik qilgan musobaqada esa 67 kilogramm vaznda qozog‘istonlik nomdor va kuchli raqibim Nurriza Turarovani yengib, g‘oliblik shohsupasining yuqori cho‘qqisiga ko‘tarilganimdan bag‘oyat mamnunman.

Xalqaro turnir yakuniy natijalariga ko‘ra, eng ko‘p medallar jamg‘armasiga sazovor bo‘lgan O‘zbekiston terma jamoasi umumjamoa hisobida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Qozog‘iston sport delegatsiyasi faxrli ikkinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, kuchli uchlikni Tojikiston va Qirg‘iziston mamlakatlarining sportchilari yakunlab berdi.
“Namangan open” uchinchi xalqaro turnirining barcha g‘olib va sovrindor sportchilari tashkilotchilar tomonidan diplom, medallar hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.