O‘zbekiston tashabbusi bilan yo‘l-yo‘l sirtlon muhofazasi xalqaro darajada kuchaytiriladi
Ko‘chib yuruvchi yovvoyi hayvon turlarini saqlash to‘g‘risidagi Konvensiya tomonlari konferensiyasining 15-yig‘ilishi (CMS COP15) yakunlariga ko‘ra, bioxilma-xillikni saqlashga qaratilgan global choralarni kuchaytirish bo‘yicha muhim qarorlar qabul qilindi. Jumladan, Konvensiyaning I va II ilovalariga qariyb 40 ta hayvon turi va populyatsiyalari, shuningdek, noyob va yo‘qolib ketish xavfi ostidagi turlar kiritildi yoki yangilandi.
Manfaatli qarorlardan biri O‘zbekiston Respublikasi tashabbusi bilan yo‘l-yo‘l sirtlonning Konvensiya ro‘yxatlariga kiritilishi bo‘ldi. Ushbu tashabbus Tojikiston Respublikasi bilan hamkorlikda ilgari surilgan bo‘lib, turning xalqaro miqyosda muhofazasini ta’minlash yo‘lidagi izchil sa’y-harakatlar natijasi hisoblanadi.
Yo‘l-yo‘l sirtlon noyob va zaif turlar sirasiga kiradi. Uning soni yashash muhitining yo‘q qilinishi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’qib qilinishi hamda ozuqa bazasining kamayishi sababli qisqarib bormoqda. Markaziy Osiyoda ushbu tur tarqoq hududlarda uchraydi va uning transchegaraviy xususiyatini inobatga olgan holda muvofiqlashtirilgan muhofaza choralarini talab qiladi.
Qabul qilingan qaror turning xalqaro darajada muhofazasini kuchaytirish hamda kelishilgan choralarni amalga oshirishni nazarda tutadi. Bunga populyatsiyalarni monitoring qilish, asosiy xavf omillarini kamaytirish, mamlakatlar o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish kiradi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston tashabbusi bilan yo‘l-yo‘l sirtlon Markaziy Osiyo sutemizuvchilar tashabbusi (CAMI) doirasiga ham kiritildi. Bu esa turning muhofazasi bo‘yicha kelgusida ishlarni birgalikda amalga oshirish uchun mustahkam asos yaratadi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA