O‘zbekiston taksi bozori 8 oyda 7,2 trillion so‘mlik aylanmaga erishdi
Soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–avgust oylarida mamlakatimiz taksi bozorida sezilarli o‘sish va raqamlashtirish tendensiyasi kuzatildi.
Sakkiz oy davomida 242 ta taksi agregatori orqali jami 329 million marta yo‘lovchi tashish xizmati ko‘rsatildi.
Umumiy aylanma 7,2 trillion so‘m (o‘rtacha bitta chek narxi — 21 785,5 so‘m)ni tashkil etgan. Naqd to‘lovlar 63,1 foiz (4,5 trln so‘m)ni, naqdsiz to‘lovlar esa 36,9 foiz (2,6 trln so‘m)ni tashkil etdi. Taqqoslash uchun, 2025-yilda naqdsiz to‘lovlar ulushi 29,8 foiz bo‘lgan bo‘lsa, joriy yilda kartalar va ilovalar orqali to‘lash hissasi ortib bormoqda.
Agregatorlar tomonidan budjetga 149,2 milliard so‘m soliq to‘langan (shundan 46,8 mlrd so‘mi QQS). Hozirgi kunda ushbu sohada 481,1 ming nafar o‘zini o‘zi band qilgan haydovchi faoliyat yuritmoqda.
Haydovchilarning 8 oy davomidagi daromadlari quyidagicha taqsimlangan: 100 million so‘mdan ko‘p daromad oladigan haydovchilar soni 7,9 ming nafarni tashkil etgan. Shuningdek, 50−100 million so‘m daromad oladigan haydovchilar soni esa 31,5 ming nafar, 10−50 million so‘m daromad oladigan haydovchilar soni 124,4 ming nafar tashkil etgan bo‘lsa, 5−10 million so‘m daromad oladigan haydovchilar soni 59,9 ming nafarni, 1−5 million so‘m — 123,6 ming nafar, 1 million so‘mgacha daromad oladigan haydovchilar soni 133,7 ming nafarni tashkil etgan.
Yevro va mahalliy brendlar orasida Chevrolet Cobalt (27%), Nexia (19,3%) va Lacetti (16,1%) eng ko‘p foydalanilayotgan modellar bo‘lib qolmoqda. Shu bilan birga, elektromobillarning ulushi o‘tgan yildagi 1,9 foizdan 2,5 foizga ko‘tarildi.
Liniyaga chiqayotgan avtomobillarning 37,1 foiz qismi 3 yildan 5 yilgacha bo‘lgan ekspluatatsiya muddatiga ega bo‘lsa, 29,2 foiz avtomobillar 10 yildan ortiq vaqtdan beri foydalanib kelinmoqda.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA