O‘zbekiston tajribasi xalqaro anjumanda e’tirof etildi
Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida mamlakatda metrologiya sohasi tashkil etilganining 100 yilligi munosabati bilan nufuzli xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir metrologiya sohasining tarixi, bugungi taraqqiyoti va kelajakdagi ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qilish uchun muhim muloqot maydoniga aylandi.
Anjumanda Armaniston, Ozarbayjon, Belarus Respublikasi, Rossiya, Turkiya, Xitoy va O‘zbekistonning metrologiya muassasalari vakillari ishtirok etdi. Shuningdek, Xalqaro o‘lchovlar va tarozilar byurosi (BIPM), Yevroosiyo davlatlari metrologiya muassasalari hamkorligi (COOMET) hamda Ko‘rfaz davlatlari metrologiya assotsiatsiyasi (GULFMET) rahbar va mutaxassislari ham tadbirda qatnashib, sohadagi ilg‘or tajribalar bilan o‘rtoqlashdi.

Konferensiya davomida metrologiya sohasining bir asrlik taraqqiyot yo‘li, uning iqtisodiyot tarmoqlari, sanoat, ilm-fan va innovatsion rivojlanishdagi o‘rni hamda zamonaviy sifat infratuzilmasini shakllantirishdagi ahamiyati keng muhokama qilindi. Mutaxassislar tomonidan aniq va ishonchli o‘lchashlar mamlakatlar iqtisodiy taraqqiyoti, mahsulotlar raqobatbardoshligi va xalqaro savdo munosabatlarini rivojlantirishda muhim omil ekani ta’kidlandi.

Tadbirda O‘zbekiston delegatsiyasi ham faol ishtirok etib, mamlakatimizda metrologiya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, milliy etalonlar bazasini mustahkamlash, raqamli va sanoat metrologiyasini rivojlantirish, shuningdek xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ma’ruzalar taqdim etdi.
Konferensiya ishtirokchilari O‘zbekiston Milliy metrologiya instituti tomonidan qonunlashtiruvchi metrologiya, «yashil iqtisodiyot» tamoyillarini amaliyotga joriy etish hamda o‘lchash jarayonlariga sun’iy intellekt texnologiyalarini tatbiq etish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berdi. Ushbu tashabbuslar sohani raqamlashtirish, o‘lchash aniqligini oshirish va xalqaro standartlarga muvofiqlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
Konferensiya yakunida ishtirokchilar metrologiya sohasida xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, ilmiy-texnik tajriba almashish va zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA