O‘zbekiston startaplari xalqaro bozorga chiqishda yangi imkoniyatlarga ega bo‘ladi
Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov 500 Global kompaniyasining boshqaruv hamkori Pedro Santos Viyeyra bilan uchrashdi.
Muloqotda O‘zbekistonda startap ekotizimini yanada rivojlantirish, venchur investitsiyalar hajmini oshirish, mahalliy startaplarni xalqaro bozorlarga olib chiqish hamda sohadagi mavjud tashabbuslarni o‘zaro muvofiqlashtirish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda 500 Global vakillari O‘zbekiston bozoridagi tajribalari haqida ma’lumot berdi. Qayd etilganidek, kompaniya 2021–2022-yillardan buyon mamlakatdagi texnologik kompaniyalar va startaplarga investitsiya kiritib kelmoqda. Shu davr mobaynida O‘zbekistonlik asoschilar tomonidan tashkil etilgan qator kompaniyalar, shuningdek, mamlakatda faoliyat yuritayotgan xorijiy asoschilar startaplariga ham investitsiyalar yo‘naltirilgan.

500 Global tomoni O‘zbekistondagi startaplarni xalqaro investitsiya bozoriga tayyorlash, mahalliy kompaniyalarni xorijiy investorlar bilan bog‘lash va ularning yangi bozorlarga chiqishiga ko‘maklashishga qaratilgan dasturlarni amalga oshirishga qiziqish bildirdi.
Kompaniya vakillari Markaziy Osiyo uchun mo‘ljallangan uzoq muddatli strategiya doirasida startaplarni rivojlantirishning turli bosqichlarida faol ishtirok etishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.
Uchrashuvda, shuningdek, venchur fondlar faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, investitsiya kapitali harakatini soddalashtirish va xalqaro fondlarning O‘zbekistondagi faoliyatini yanada samarali tashkil etish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Ayniqsa, sun’iy intellekt sohasidagi istiqbolli startaplarni qo‘llab-quvvatlash, ularni rivojlantirish va investitsiya jalb etishga tayyorlash bo‘yicha mavjud imkoniyatlarni birlashtirish muhimligi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekistonda startap ekotizimini tizimli rivojlantirish, venchur investitsiyalar uchun yanada qulay muhit yaratish va mahalliy texnologik kompaniyalarni xalqaro bozorlarga olib chiqish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA