O‘zbekiston startap muhiti o‘sish sur’ati bo‘yicha yuqori natija qayd etdi
Yaxshi xabar
Bugungi kunda dunyo davlatlari iqtisodiyotni innovatsion rivojlantirish, startap ekotizimini qo‘llab-quvvatlash va texnologik tadbirkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Bu borada O‘zbekistonda startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, yosh innovatorlar uchun qulay muhit yaratish hamda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yo‘nalishida samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
StartupBlink tomonidan taqdim etilgan “Yil mamlakati” mukofoti 2026-yilda O‘zbekistonga nasib etdi. Mazkur mukofot so‘nggi bir yil davomida startap ekotizimi keng rivojlangan davlatlarga beriladi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Global Startap Ekotizimi indeksi (Global Startup Ecosystem Index 2026) da eng tez o‘sish sur’atini qayd etib, qisqa vaqt ichida xalqaro maydonda tan olinayotgan startap ekotizimini shakllantirishga erishdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yurtimiz startap muhiti joriy yil 227,3 foizga o‘sgan. Bu ko‘rsatkich esa jahondagi o‘rtacha natijadan 13 baravar yuqori ekani bilan ahamiyatlidir. O‘zbekiston mazkur global reytingda 19 pog‘onaga ko‘tarilib, 79-o‘rinni egalladi va ilk bor kuchli 80 talikdan joy oldi. Taqqoslash uchun aytadigan bo‘lsak, 2022-yilda ushbu reytingda mamlakatimiz 115-o‘rinda edi.
Toshkent global reytingda 121 pog‘onaga yuqorilab, 229-o‘rinni egallab, 155,7 foizlik o‘sishni qayd etdi. Startap ekotizimidagi rivojlanish faqat poytaxt bilan cheklanib qolmadi. Bu yil O‘zbekistonning yana yetti shahri global reytingga kiritildi. Samarqand va Farg‘ona shaharlari esa startap yo‘nalishida dunyoning eng yaxshi 1000 talik shaharlari ro‘yxatidan joy oldi. Mutaxassislar fikricha, bu holat mamlakatda startap ekotizimi hududlar kesimida ham keng rivojlanayotganini ko‘rsatadi.
Ta’kidlanishicha, ushbu o‘zgarishlarda 2019-yilda tashkil etilgan IT Park O‘zbekiston faoliyati muhim o‘rin tutmoqda. Shuningdek, IT Park O‘zbekiston startap ekotizimining xalqaro maydonda tanilishiga ham xizmat qilmoqda.
M.HOJIAKBAROVA,
O‘zA