O‘zbekiston sport delegatsiyasi Pekinda
O‘zbekiston sport delegatsiyasi ishchi guruh vakillari kecha Toshkentdan Pekin shahriga yetib borishgan bo‘lsa, bugun 2 fevral kuni erta tongda Qishki Olimpiya o‘yinlarida qatnashadigan sportchimiz Komiljon To‘xtayev Italiyaning Milan shahridan Xitoy poytaxtiga yetib keldi.
– Juda hayajondaman. 2018 yili Janubiy Koreyada o‘tgan Qishki olimpiya o‘yinlarida o‘zbekistonlik ikki nafar sportchi qatnashgandik. Bu gal bir o‘zimman. Mas’uliyat ikki hissa baland. Davlatimiz tomonidan barcha shart-sharoitlar yaratib berildi. Kayfiyatim yaxshi. Ertadan olimpiya o‘yinlari o‘tadigan Pekin yaqinidagi Yansin shaharchasida mashg‘ulotlarni davom ettiraman,– deydi telefon orqali muloqotda Komiljon To‘xtayev.
Xabar berganimizdek, sportchimiz 13 fevral kuni gigant slalom, 16 fevralda esa slalom dasturida o‘z chiqishini namoyish etadi. 4 fevral kuni Pekin shahridagi “Qush uyasi” stadionida o‘tadigan XXIV qishki Olimpiya o‘yinlarining ochilish marosimida dunyoning 91 ta davlat sportchilari qatorida Komiljon To‘xtayev O‘zbekiston bayrog‘ini olib o‘tadi.
Ta’kidlash lozimki, hamyurtimiz Qishki olimpiya bahslarida Xalqaro chang‘i federatsiyasi sertifikatiga ega bo‘lgan Italiyaning mashhur VIST brendi liboslarida ishtirok etadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA