O‘zbekiston sport akademiyasi imkoniyatlari yuqori baholandi
O‘zbekiston davlat sport akademiyasida xalqaro reytinglarda yuqori o‘rinlarni egallab kelayotgan Italiyaning Trento universiteti va Qozog‘istonning Gumilyov nomidagi Yevroosiyo milliy universiteti olimlari ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvda xalqaro hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Xorijlik mutaxassislar O‘zbekistonda sport akademiyasi faoliyati yo‘lga qo‘yilgani jismoniy tarbiya va sport ilmida katta yuksalish sari qadam ekanini e’tirof etdi.

Akademiyaning zamonaviy infratuzilmasi, ta’lim jarayonlari hamda talabalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishgan chet ellik olimlar ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlarida hamkorlikni yanada kengaytirish lozimligini ta’kidladi.
Muloqot jarayonida O‘zbekiston davlat sport akademiyasi, Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti, Jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqotlar instituti hamda Italiyaning Trento universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
To‘rt tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan mazkur hujjatda talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, xalqaro ta’lim dasturlarini rivojlantirish, ilg‘or tajribalarni joriy etish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, Yevroosiyo milliy universiteti delegatsiyasi bilan olib borilgan muzokaralar doirasida psixologiya, sport fanlari va ilmiy tadqiqotlar yo‘nalishida hamkorlikni rivojlantirish hamda ilmiy tajriba almashinuvini kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA