O‘zbekiston–Shvetsiya hamkorligi yangi bosqichga chiqmoqda
Texnik jihatdan tartibga solish sohasida O‘zbekiston va Shvetsiya o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov, Shvetsiya Qirolligining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Danestad Tomas hamda Shvetsiya Milliy savdo kengashi (Kommerskollegium)ning xalqaro savdo siyosati bo‘yicha katta maslahatchisi Berg Kristoffer ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi hamda O‘zbekistonning Shvetsiyadagi elchixonasi hamkorligida tashkil etilgan muloqotda texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, metrologiya, muvofiqlikni baholash va bozor nazorati sohalaridagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.

Tomonlar so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Shvetsiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, ta’lim hamda innovatsiyalar sohalaridagi hamkorlik izchil rivojlanib borayotganini alohida ta’kidladi. Shu bilan birga, malakali kadrlar tayyorlash, texnik ko‘mak va grant mablag‘larini jalb etish, ilg‘or xalqaro tajribani joriy qilish hamda texnik reglamentlarni takomillashtirish masalalari muhokamaning asosiy mavzularidan biri bo‘ldi.

Uchrashuvda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ochiq va pragmatik tashqi siyosat, Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash hamda Yevropa Ittifoqi bilan sheriklik munosabatlarini rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini oshirayotgani qayd etildi.

Shuningdek, joriy yilning 14–15-aprel kunlari Shvetsiya Milliy savdo kengashining texnik ko‘magi asosida xalqaro amaliyot va texnik jihatdan tartibga solish ta’sirini baholash natijalari bo‘yicha texnik reglamentlarni qayta ko‘rib chiqishga bag‘ishlangan seminar-trening tashkil etilgani e’tirof etildi.

Muloqot davomida O‘zbekistonni Markaziy Osiyoda metrologiya sohasining yetakchi markazlaridan biriga aylantirish maqsadida O‘zbekiston Milliy metrologiya instituti tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham ma’lumot berildi. Xususan, milliy etalonlar bazasini kengaytirish, xalqaro integratsiyani kuchaytirish va sohani raqamlashtirish borasidagi tashabbuslar ishtirokchilar tomonidan yuqori baholandi.
Bundan tashqari, Jahon savdo tashkilotiga a’zo mamlakatlar bozorlariga chiqishda standartlarning ahamiyati, milliy qonunchilikni JST talablari bilan uyg‘unlashtirish, “El-yurt umidi” jamg‘armasi, Shvetsiya Milliy savdo kengashi hamda Yevropa Ittifoqining texnik ko‘mak va grant dasturlari imkoniyatlaridan samarali foydalanish masalalari ham muhokama qilindi.

Uchrashuv doirasida Shvetsiya delegatsiyasi Agentlikning Situatsion tahlil markazi faoliyati bilan ham yaqindan tanishib, sohada raqamli yechimlarni joriy etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan fikr almashdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish, muhokama qilingan tashabbus va loyihalarni amaliyotga joriy etishni jadallashtirish hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasida tajriba almashishni kuchaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA