O‘zbekiston-Saudiya Arabistoni-Fransiya o‘rtasida xavfli chiqindilarni qayta ishlash bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yildi
Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida “Nol chiqindi” tamoyili asosida “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirishga qaratilgan qator xalqaro uchrashuvlar tashkil etildi.
Xususan, Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi vakillari bir qator yirik xalqaro tashkilotlar hamda kompaniyalar mutasaddilari bilan uchrashuvlar o‘tkazib, chiqindilarni boshqarish sohasida Markaziy Osiyo va xorijiy davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.
Mazkur uchrashuvlar natijasida Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi direktori Sharifbek Hasanov hamda Saudiya Arabistonining “VISION INTERNATIONAL INVESTMENT COMPANY” prezidenti Omar Almidani va Fransiyaning “SUEZ INTERNATIONAL” kompaniyasi Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha bosh direktori Silver Delone o‘rtasida kelishuv (Head of Terms) imzolandi.
Ushbu loyiha xavfli chiqindilarni qayta ishlash sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni nazarda tutadi. Loyihaning umumiy qiymati 78 million AQSH dollarini tashkil etadi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA