O‘zbekiston – Rossiya: tibbiyotda hamkorlik
Sankt-Peterburg tibbiyot turizmini rivojlantirishga ko‘maklashish assotsiatsiyasi rahbari Konstantin Prudnikov Ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Buxoro filialida bo‘ldi.
Filial direktori G‘afur Saidov bilan bo‘lgan muloqotda yosh va malakali mutaxassislar tajribasini oshirish, xodimlarning ilmiy-amaliy tadqiqot ishlarini tashkillashtirish, onlayn telemeditsinani yo‘lga qo‘yish orqali o‘zaro konsilium — maslahatlashuvlarni ko‘paytirish, tor doiradagi mutaxassisliklarga doir ikki tomonlama ilmiy-amaliy anjuman, konferensiya va mahorat darslarini o‘tkazish, shu orqali davolash ishlari samaradorligini oshirish masalalari muhokama etildi.
Samimiy va konstruktiv tarzda o‘tgan muzokara so‘ngida filial hamda Sankt-Peterburg tibbiyot turizmini rivojlantirishga ko‘maklashish assotsiatsiyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Ma’lumot uchun, respublika Ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Buxoro filiali 150 taga yaqin statsionar o‘rni va 90 qatnovga mo‘ljallangan. Muassasada yordamchi bo‘limlardan klinik laboratoriya, patomorfologiya, yuqori aniqlikda tashxis qo‘yishda keng foydalanilayotgan FGDS, kolonoskopiya, bronxoskopiya, UTT, EKG apparatlariga ega funksional hamda nurli diagnostika, rentgen–radiologiya, ichki dorixona bo‘limi va zararsizlantirish xonalari faoliyat yuritmoqda.
Markaz filialida oldin bajarilmagan diagnostik torakoskopiya, prostata bezi o‘smalarini turli tekshiruv usullari yo‘lga qo‘yilgan. Avval amaliyotda qo‘llanilmagan viloyat darajasidagi 17 turdagi, respublika darajasidagi 8 turdagi murakkab operativ davo usullari yuqori malakali mutaxassislar ko‘magida shu yerda amalga oshirilmoqda. Natijada oxirgi uch yilda bajarilgan yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari soni 700 tadan oshgan. Mazkur filialda 2018 yilda 18 o‘ringa mo‘ljallab tashkil qilingan neyroonkologiya va rekonstruktiv xirurgiya bo‘limi respublikamizdagi boshqa onkologiya markazlarida yo‘q. Umuman, filial sa’y-harakati bilan xavfli o‘smalar bo‘yicha umumiy operatsiyalar soni ham barqaror o‘sib bormoqda. Chunonchi, 2020 yilda bu ko‘rsatkich 1 ming 233 taga yetgan bo‘lsa, 2022 yilda deyarli ikki barobarga oshgan.
Onkologik kasalliklarni aniqlashda erta tashxis qo‘yish muhim ahamiyatga ega. Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Buxoro filiali poliklinikasida bemorlarni tekshirish va klinik tashxis qo‘yishda zamonaviy texnologiyalar va xorijdan keltirilgan tibbiy uskunalardan foydalanilayotgani o‘z samarasini bermoqda. Onkologik kasallikni davolashda kasalxonadan oldingi bosqichda bemorlarni to‘liq tekshirish, aniq tashxis qo‘yish, onkologlar, rentgenologlar, kimyo-terapevtlar va yetakchi mutaxassislardan iborat davolash maslahat komissiyasida tashxis qo‘yilgan bemorlarni davolash chora-tadbiri aynan poliklinikadan boshlanadi.
Har yili mazkur poliklinikaga murojaat qiladiganlar soni 20 mingdan oshadi. Bu maskanda kasallikni ilk bosqichlarida aniqlash imkoni mavjudligi bois shifokorlar nafaqat Buxoro, balki Navoiy, Qashqadaryo, Samarqand, Xorazm viloyatlari aholisiga ham malakali tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda. Bu yerda bosh va bo‘yin patologiyasi, teri saratoni, og‘iz shilliq qavati saratoni, lab pastki va yuqori jag‘, bosh va bo‘yinning yumshoq to‘qimalari turli o‘smalari, qorin bo‘shlig‘i onkologiyasi kabi ko‘plab kasalliklar, shuningdek, ayollarda uchraydigan kasalliklarning erta bosqichi davolanadi. Bachadon bo‘yni va ko‘krak saratoni skriningi, yumshoq to‘qimalar, og‘iz shilliq qavati va sut bezlarida 500 dan ziyod jarrohlik amaliyoti o‘tkaziladi. Markaz laboratoriyasida gistologik, immunogistoximik tahlillar qilinadi.
Filial ayni kunda Turkiya, Germaniya, Rossiya, Hindiston kabi tibbiyoti rivojlangan o‘ndan ortiq davlat bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirmoqda.
Zarif Komilov,
O‘zA