O‘zbekiston – Qozog‘iston: Toshkentda Buxoro sammiti yakuni va istiqboldagi rejalar muhokama qilindi
Toshkent shahridagi Markaziy Osiyo xalqaro institutida “O‘zbekiston – Qozog‘iston ittifoqchilik munosabatlarining yangi bosqichi. Buxoro sammitidan so‘ng qanday istiqbol kutilyapti?” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbir ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikning hozirgi holati va istiqbolini muhokama qilish, erishilgan kelishuvlarni amaliyotga tatbiq etish va yangi takliflar ishlab chiqish maqsadida tashkil etildi.
Ma’lum qilinishicha, 2025-yil yakuniga ko‘ra, o‘zaro savdo hajmi 4,8 milliard dollarni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 16,2 foiz oshgan. Tomonlar ushbu ko‘rsatkichni 10 milliard dollarga yetkazishni strategik maqsad sifatida belgilab olgan. Shuningdek, umumiy qiymati 3,8 milliard dollarlik 52 ta qo‘shma investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda, qo‘shma korxonalar soni esa 1 100 dan oshgan.
– O‘zbekiston va Qozog‘iston munosabatlari faol strategik sheriklik va ittifoqchilik bosqichiga kirgan, – dedi Qozog‘iston Prezidenti huzuridagi strategik tadqiqotlar instituti direktori Jandos Shaymardanov. – Fikrimni shakllangan infratuzilma, investitsiya o‘sishi va tobora jadallashayotgan madaniy-gumanitar aloqalar ham tasdiqlaydi. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi kun tartibi endi nafaqat yaqin yillar, balki keyingi o‘n yilliklarni ham ko‘zlabtuzilmoqda.
– Ittifoqchilik munosabatimiz parlamentlararo hamkorlik uchun mustahkam asos yaratgan, – deydi O‘zbekiston Rspublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Dilorom Fayziyeva. – Parlamentlar savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar aloqani rivojlantirish, shuningdek energetika, suv, oziq-ovqat va ekologik xavfsizlik masalalari muhokamasida faol ishtirok etmoqda.
[gallery-28828]
Anjumanda O‘zbekiston va Qozog‘iston birgalikda Markaziy Osiyodagi hamkorlikni rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shayotgani ta’kidlandi. Davra suhbati yakunida ikki tomonlama va mintaqaviy sheriklikni yanada chuqurlashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.
Dilshod Hakimov,
Otabek Mirsoatov (surat), O‘zA