O‘zbekiston–Qirg‘iziston rektorlari forumi: ta’lim va ilm-fanda hamkorlikning yangi bosqichi
O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida oliy ta’lim sohasidagi hamkorlik izchil kengaymoqda.
Ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari rektorlarining III forumi yakunida imzolangan o‘nlab kelishuvlar akademik almashinuv, qo‘shma ta’lim dasturlari va ilmiy tadqiqotlarni yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda.
Forum davomida O‘zbekiston va Qirg‘iziston oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida 40 ga yaqin memorandum, hamkorlik bitimi va yo‘l xaritalari imzolandi. Bu hujjatlar ikki davlat universitetlari o‘rtasidagi hamkorlikni institutsional asosda yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Erishilgan kelishuvlarga muvofiq, uchta yo‘nalish bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlari joriy etiladi. Shuningdek, talabalarning ikki mamlakat oliygohlarida o‘qigan fanlari bo‘yicha kreditlarni o‘zaro tan olish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bu esa talabalarning akademik harakatchanligini oshirish va xalqaro darajada raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlashga xizmat qiladi.
Forumning yana bir muhim natijasi sifatida 2026–2028-yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi” qabul qilindi. Unga ko‘ra, ushbu davrda kamida 100 nafar talaba hamda 80 nafar professor-o‘qituvchi ikki mamlakat oliygohlari o‘rtasida akademik almashinuv dasturlarida ishtirok etadi.
Ilmiy hamkorlikni kuchaytirish ham forumning ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi. Tomonlar qo‘shma ilmiy loyihalar va tadqiqot guruhlarini shakllantirish, doktorantlar uchun qo‘shma ilmiy rahbarlik tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishib oldi. Bu fundamental va amaliy tadqiqotlar sifatini oshirish, olimlarning xalqaro hamkorligini kengaytirishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, professor-o‘qituvchilar uchun malaka oshirish kurslari, ilmiy seminarlar hamda “StudExpo–2026” xalqaro ko‘rgazma-tanlovini tashkil etish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston–Qirg‘iziston rektorlari forumida erishilgan kelishuvlar nafaqat ikki davlat universitetlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlaydi, balki Markaziy Osiyoda yagona ta’lim va ilmiy makonni shakllantirish, talabalar hamda olimlar uchun yangi imkoniyatlar yaratishga ham xizmat qiladi. Forum yakunlari oliy ta’lim tizimida xalqaro integratsiya va tajriba almashinuvini yanada jadallashtirishga qaratilgan muhim qadam sifatida baholanmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA