O‘zbekiston – Qirg‘iziston: ishonch, hamkorlik va taraqqiyotning yangi bosqichi
Bugungi kunda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi munosabatlar nafaqat ikki tomonlama manfaatlar, balki butun Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishi nuqtai nazaridan ham muhim omil sifatida baholanmoqda. Davlat rahbarlarining muntazam uchrashuvlari, chegara masalalarining izchil hal etilishi, savdo-iqtisodiy aloqalarning kengayishi, transport va energetika sohasidagi yirik infratuzilma loyihalarining amalga oshirilishi hamda madaniy-gumanitar hamkorlikning faollashuvi ikki o‘lka o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlamoqda.
Siyosatshunos Sayfiddin Jo‘rayev fikricha, munosabatlardagi eng muhim burilish nuqtasi 2016-yildan keyingi tashqi siyosatda kuzatildi. O‘zbekiston qo‘shni davlatlar bilan ishonchli munosabatlarni tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishiga aylantirdi. Shu orqali yillar davomida yig‘ilib kelgan muammolarni muzokaralar orqali hal qilish amaliyoti shakllandi. Natijada ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi muntazam muloqot davlatlararo munosabatlarning asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylandi.

Eng katta yutuq shubhasiz, chegara masalasining hal etilganidir. O‘nlab yillar davomida siyosiy va ijtimoiy taranglik manbai bo‘lib kelgan muammo bartaraf etildi. Bu esa munosabatlarni "nizolarni boshqarish" modelidan "birgalikda rivojlanish" modeliga o‘tkazdi. Endi ikki mamlakat e’tibori bahsli hududlarga emas, qo‘shma iqtisodiy loyihalar va infratuzilmani rivojlantirishga qaratilmoqda.
Bugungi hamkorlikning eng muhim xususiyati — uning institutsional asoslarga qurilayotganidir. Davlat rahbarlari uchrashuvlari bilan bir qatorda hukumatlararo komissiyalar, parlamentlararo muloqot, ekspertlar platformalari va sohaviy ishchi guruhlar tizimli ishlamoqda. Bu esa munosabatlarni faqat siyosiy irodaga emas, balki barqaror mexanizmlarga ham tayantirmoqda.
Strategik sheriklik esa endi rasmiy bayonotlar bilan cheklanmaydi. Uni amaliy mazmun bilan to‘ldirayotgan omillar – “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston” temir yo‘li, Qambarota GES-1 qurilishi, sanoat kooperatsiyasi hamda O‘zbek–qirg‘iz taraqqiyot jamg‘armasi faoliyatidir. Bu tashabbuslar mamlakatlarimiz iqtisodiyotini yanada chambarchas bog‘lab, hamkorlikni uzoq muddatli manfaatlarga asoslangan tizimga aylantirmoqda.
Ayniqsa, transport va energetika sohasidagi yirik loyihalarning ahamiyati katta. Temir yo‘l qurilishi Markaziy Osiyoni xalqaro logistika zanjirlariga yanada yaqinlashtirsa, Qambarota GES-1 mintaqaning energetik xavfsizligi va "yashil" iqtisodiyotga o‘tish jarayonida hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi mumkin. Bu loyihalar nafaqat iqtisodiy daromad keltiradi, balki davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonchni yanada mustahkamlaydi.
Shu nuqtai nazardan qaralganda, O‘zbekiston va Qirg‘iziston munosabatlari oddiy qo‘shnichilikdan ancha yuqori darajaga ko‘tarilganini ko‘rish mumkin. Hozirgi bosqichda asosiy vazifa mavjud siyosiy ishonchni iqtisodiy natijalarga aylantirishdan iborat. Bu esa nafaqat ikki mamlakat, balki butun Markaziy Osiyoning barqaror taraqqiyoti uchun muhim omilga aylanishi mumkin.
O‘zbekiston va Qirg‘iziston munosabatlarining eng muhim natijalaridan biri iqtisodiy sohada yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Agar 2016-yilda ikki davlat o‘rtasidagi tovar aylanmasi 200 million dollardan ham kam bo‘lgan bo‘lsa, 2024-yilda bu ko‘rsatkich 846,4 million dollarga yetdi. 2025-yil yakuniga kelib esa o‘zaro savdo hajmi ilk bor 1 milliard dollarlik chegaradan oshib, bir yilning o‘zida qariyb 19 foizga o‘sdi. Bu raqamlar tasodifiy emas — ular ikki o‘lka iqtisodiyotining o‘zaro bog‘liqligi tobora kuchayib borayotganini anglatadi.
Bu o‘sish faqat eksport va import hajmining ortishi bilan cheklanmaydi. Muhimi, hamkorlik mazmun jihatidan ham o‘zgarmoqda. Ilgari asosan tayyor mahsulotlar va xomashyo ayirboshlangan bo‘lsa, bugun qo‘shma ishlab chiqarish, sanoat kooperatsiyasi va investitsiya loyihalari kun tartibining markaziga chiqdi. Demak, munosabatlar savdo hamkorligidan iqtisodiy integratsiyaga qarab harakatlanmoqda.
Shu jarayonda Hukumatlararo komissiya, Ishbilarmonlar kengashi va 2024-2030-yillarga mo‘ljallangan qo‘shma chora-tadbirlar rejasi muhim muvofiqlashtiruvchi mexanizm vazifasini bajarmoqda. Bu platformalar orqali nafaqat mavjud to‘siqlar muhokama qilinadi, balki yangi investitsiya va sanoat loyihalari uchun huquqiy hamda tashkiliy asoslar ham yaratiladi.

Iqtisodiy hamkorlikning yana bir muhim jihati — uning kelajakka qaratilgan maqsadlaridir. Tomonlar 2030-yilga qadar tovar aylanmasini 2 milliard dollarga yetkazish vazifasini belgilagan. Bu maqsadga erishish uchun chegara va bojxona tartib-taomillarini raqamlashtirish, tarifsiz to‘siqlarni qisqartirish, yuk tashishni soddalashtirish hamda chegarabo‘yi industrial va logistika hududlarini rivojlantirish rejalashtirilgan.
Iqtisodiy sheriklikning kelajagini faqat tovar aylanmasi bilan o‘lchash to‘g‘ri bo‘lmaydi. Asosiy savol shundaki, ikki davlat qo‘shma qiymat zanjirini yarata oladimi? Agar avtomobilsozlik, to‘qimachilik, agrosanoat, logistika va energetika kabi sohalarda ishlab chiqarish kooperatsiyasi kengaysa, bu nafaqat eksport hajmini oshiradi, balki butun mintaqaning raqobatbardoshligini kuchaytiradi. Shu ma’noda O‘zbekiston-Qirg‘iziston iqtisodiy sherikligi ikki mamlakat emas, balki butun Markaziy Osiyoning integratsiya modeliga aylanish salohiyatiga ega.
Musulmon Ziyo, O‘zA