O‘zbekiston Qahramoni Botirjon Temirov ham ovoz berdi
Xalq irodasining bevosita ifodasi bo‘lgan referendumda O‘zbekiston Qahramoni Botirjon Temirov ham Farg‘ona shahridagi 51–referendum uchastkasiga kelib, o‘z xohish-istagini bildirdi.

Mazkur uchastkada ovoz berish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Komissiya a’zolari xushmuomalalik bilan faoliyat olib bormoqda. Fuqarolarning kayfiyati bayramona. Ayniqsa, mahallaning faxri bo‘lgan O‘zbekiston Qahramonining oila a’zolari bilan birgalikda uchastkaga kelib ovoz berishi barchani quvontirdi.

– Mamlakatimizda o‘tkazilayotgan referendum haqiqiy xalqimizning bayramiga aylandi, – deydi B.Temirov. –Chunki bosh qomusimiz har bir yurtdoshimizning taqdirida, hayotida katta o‘rin tutadi. O‘tkazilgan targ‘ibot tadbirlarida ham ularning jarayonga befarq emasligini ko‘rib, rosti quvondim. Jamiyat taraqqiy etib, o‘z oldiga ulkan maqsadlarni qo‘yarkan, albatta qonunlarni ham takomillashtirishga ehtiyoj bo‘ladi. Yangilanayotgan Konstitutsiya ham xuddi shunday zaruriyat ifodasi bo‘ldi. U chinakam xalq Konstitutsiyasi bo‘lishiga ishonamiz.
M.Sulaymonov,
M.Qodirov (surat), O‘zA