O‘zbekiston Prezidenti va Xitoy Raisi keng ko‘lamli hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar
Bishkek shahrida o‘tayotgan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin bilan muzokaralari bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari Xitoy yetakchisiga O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan yo‘llagan samimiy tabrigi hamda O‘zbekiston – Xitoy ko‘p qirrali munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shayotgan shaxsiy hissasi uchun minnatdorlik bildirdi.
Kelgusi yilda mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganiga 35 yil to‘ladi. Ushbu qutlug‘ sanani keng nishonlash bo‘yicha tadbirlar dasturini tayyorlash taklif etildi.

So‘nggi yillarda ikki tomonlama munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Barcha darajalarda aloqalar izchil mustahkamlanib, siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va texnologik hamkorlik rivojlanmoqda, madaniy-gumanitar almashinuvlar kengaymoqda.
Tomonlar tashqi siyosat idoralari o‘rtasidagi tizimli strategik muloqotni davom ettirish va parlamentlararo aloqalarni yanada chuqurlashtirish muhimligini ta’kidladilar. O‘zbekiston “yagona Xitoy” siyosati hamda “uch yovuz kuch”ga qarshi qat’iy kurashni doimiy qo‘llab-quvvatlashi qayd etildi.
Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi. O‘tgan yili ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 18 milliard dollarga yaqinlashdi. Kelgusida uning yanada o‘sishiga ishonch bildirildi.

Yaqin yillarda tovar ayirboshlash hajmini 30 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha yangi marrani belgilash taklif etildi. Shu maqsadda sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berishni ko‘paytirish hamda O‘zbekiston korxonalarining Xitoyda o‘tkaziladigan savdo ko‘rgazmalarida faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar davom ettiriladi.
Amaldagi qo‘shma investitsiya loyihalari portfeli qariyb 60 milliard dollarni tashkil etmoqda. O‘zbekistonda 6 mingdan ortiq qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda.
Energetika, kimyo sanoati, metallurgiya, qurilish materiallari va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, transport va infratuzilma, qishloq xo‘jaligi hamda yuqori texnologiyalar sohalarida sanoat kooperatsiyasining istiqbolli yo‘nalishlari belgilandi. Raqamli iqtisodiyot, tog‘-kon sanoati, mineral resurslarni o‘zlashtirish va qayta ishlash sohalaridagi “o‘sish nuqtalari” kengaytiriladi.
Texnologik sheriklikning yorqin namunasi sifatida “BYD” kompaniyasi bilan elektromobillar ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlik qayd etildi. Ishlab chiqarish quvvatlari va mahalliylashtirish darajasini oshirish rejalari qo‘llab-quvvatlandi.

Xitoy kompaniyalariga O‘zbekiston hududlaridagi qo‘shma sanoat zonalarida ishlab chiqarish korxonalarini tashkil qilishda yanada faol ishtirok etish taklif qilindi.
Xitoyning yetakchi moliya institutlari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish va ularning mamlakatimizdagi loyihalardagi ishtirokini kengaytirishdan manfaatdorlik bildirildi.
Energetika sohasidagi hamkorlik yuqori baholandi. O‘zbekiston an’anaviy va muqobil energetika sohalaridagi sheriklikni kengaytirish hamda Xitoy kompaniyalarini tinch atom loyihalariga jalb etishdan manfaatdor.
Hududlararo almashinuvlar faol rivojlanmoqda. O‘zbekistonning barcha viloyatlari Xitoy provinsiyalari bilan faol hamkorlik qilib, ko‘pgina qo‘shma loyihalarni amalga oshirmoqda. May oyida Sian shahrida uchinchi Hududlar forumi bo‘lib o‘tdi.
Transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” strategik temir yo‘lini qurish ishlari samarali davom ettirilmoqda. Mazkur yo‘nalish Yevroosiyo transport ekotizimining muhim bo‘g‘iniga aylanishi hamda “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasidagi o‘zaro bog‘liqlikni yanada kuchaytirishiga ishonch bildirildi.
Muzokaralar davomida turizm va gumanitar almashinuvlarni kengaytirish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi. Vizasiz tartib amal qilmoqda, ikki mamlakat shaharlari o‘rtasidagi aviaqatnovlar geografiyasini kengaytirish va parvozlar sonini ko‘paytirish rejalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston va Xitoy madaniyat markazlarini ochish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda. Yil yakuniga qadar Xitoyda O‘zbekiston madaniyati kunlarini o‘tkazish rejalashtirilgan. 2027-2029-yillarga mo‘ljallangan madaniy tadbirlar dasturini qabul qilish taklif etildi.
Ilm-fan, ta’lim va kadrlar tayyorlash sohalaridagi hamkorlik muntazamlik kasb etgan. “Lu Ban ustaxonalari” va Konfutsiy institutlari faoliyati hamda hududlarda qo‘shma ta’lim loyihalarini rivojlantirish ishlari davom ettiriladi.
Xitoy tilini o‘rganishni, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi ta’lim dasturlarini yanada kengaytirish hamda yurtimiz yoshlarining Xitoyda tahsil olishi uchun kvotalarni oshirishdan manfaatdorlik bildirildi.
Kosmosni o‘zlashtirish hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari qatorida qayd etildi.
“Xitoy – Markaziy Osiyo” formatidagi mintaqaviy sheriklikni yanada chuqurlashtirish va uning kelgusi yilda Xitoyda bo‘lib o‘tadigan uchinchi sammitiga tayyorgarlik ko‘rish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston Prezidenti Xitoy Raisini mamlakatimizga tashrif bilan kelishga taklif etdi. Uchrashuv har doimgidek ishonch, ochiqlik va do‘stlik ruhida o‘tdi.