O‘zbekiston Prezidenti Turkiyaning “OYAK” kompaniyasi rahbarini qabul qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdagi sammiti doirasida “OYAK” kompaniyasi bosh ijrochi direktori Murat Yalchintashni qabul qildi.
Davlatimiz rahbari so‘nggi yillarda Turkiya bilan strategik sheriklik munosabatlari izchil rivojlanib borayotgani, bu jarayonda ishbilarmon doira vakillarining o‘rni va hissasi beqiyos ekanini qayd etdi.

Muloqot chog‘ida turkiyalik hamkor har bir sarmoyador uchun katta imkoniyatlar maydoniga aylanib borayotgan Yangi O‘zbekistonda kimyo sanoati, geologiya va qurilish sohalarida qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirishga qiziqish bildirdi.
Shuningdek, Yangi Toshkentda turar joy majmualari va tashqi infratuzilma ob’ektlari qurilishida faol ishtirok etishga tayyor ekanini ta’kidladi.
