O‘zbekiston Prezidenti TDT sammitida muhim tashabbuslarni ilgari surdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30-oktabr kuni Anqara shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotining 13-sammitida ishtirok etdi.
“Turkiy asr: tilda, fikrda va ishda birlik” shiori ostida o‘tkazilgan tadbirda Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Ozarbayjon Respublikasi tashqi ishlar vaziri Jayxun Bayramov hamda Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev ham qatnashdi.

Sammit ishtirokchilari kun tartibidagi dolzarb masalalarni muhokama qilib, a’zo davlatlar o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish istiqbollarini ko‘rib chiqdilar.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqining avvalida mazkur yig‘ilish buyuk sivilizatsiyalar chorrahasida joylashgan Anqarada yuksak saviyada tashkil etilgani uchun Turkiya Prezidentiga minnatdorlik bildirdi.

Shuningdek, tadbir arafasida so‘lim “Beshtepa” bog‘ida davlatlarimizning milliy-madaniy majmuasi ochilishi qardosh xalqlarning mushtarak merosini asrab-avaylashda muhim qadam bo‘lgani va bu ramziy yodgorlik turkiy dunyo birligining yorqin timsoliga aylanishi qayd etildi.
Prezidentimiz bugungi kunda xalqaro munosabatlar tizimi tubdan o‘zgarib, geosiyosiy raqobat keskinlashayotganini, turkiy dunyo atrofidagi mintaqalarda kuzatilayotgan ziddiyatlar xavfsizlik va taraqqiyot istiqbollariga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidladi.

Shu bois, Turkiy davlatlar tashkilotini o‘zaro ishonch va amaliy sheriklik maydoni sifatida yanada jipslashtirish zarurligiga e’tibor qaratdi.
– Barchamiz ushbu ezgu yo‘lda yakdilmiz va o‘z kuch-g‘ayratimizni turkiy birdamlik uchun safarbar etishga tayyormiz, – dedi O‘zbekiston yetakchisi.
Davlatimiz rahbari turkiy davlatlar o‘rtasida hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish yuzasidan qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

Tashkilot doirasida dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan muntazam siyosiy maslahatlar o‘tkazish, yondashuv va sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish muhim. Shu maqsadda uchinchi mamlakatlar bilan “Turkiy davlatlar tashkiloti plyus” formatidagi hamkorlikni sohaviy vazirlar uchrashuvlaridan boshlash taklif etildi.
– Ushbu muloqotlar savdo, transport, investitsiya va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda aniq qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qaratilishi lozim, – ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.
Yuzta strategik qo‘shma investitsiya va sanoat loyihasini qamrab oluvchi, jumladan, nodir minerallarni qayta ishlash va “yashil” energetika uskunalarini mahalliylashtirishga qaratilgan “Turkiy dunyo – 100” dasturini qabul qilish taklif qilindi. Ushbu loyihalarga Turkiy investitsiya jamg‘armasi va xalqaro moliyaviy institutlar resurslarini yo‘naltirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Shuningdek, tadbirkorlar manfaatlarini himoya qilish uchun “Tijorat ishlari bo‘yicha o‘zaro huquqiy yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi ko‘p tomonlama shartnoma hamda huquqiy yordam so‘rovlari va hujjatlarni elektron almashishga mo‘ljallangan raqamli platformani tashkil etish tashabbusi ham ilgari surildi.
Global ta’minot zanjirlari o‘zgarayotgan hozirgi sharoitda turkiy davlatlarning geografik o‘rni va tranzit imkoniyatlari tobora strategik ahamiyat kasb etmoqda.
O‘rta koridorni yaxlit iqtisodiy tizimga aylantirish maqsadida “Turkiy davlatlar logistika komplekslari tarmog‘i”ni tashkil etish va birgalikda boshqarish taklif qilindi. Bu xalqaro yuk tashish va logistikada davlatlarimizning ishtirokini kengaytirish hamda iqtisodiy manfaatdorlikni oshirish imkonini beradi.
Turizm salohiyatini kengaytirish uchun esa “Turkiy turizm alyansi”ni tuzish, shuningdek, aholining o‘zaro safarlarini soddalashtirish va ID-kartalar asosida safar qilish imkoniyatlarini kengaytiruvchi ko‘p tomonlama bitim ishlab chiqish taklif etildi.

Yurtimizda xorijlik yoshlar uchun ta’sis etilgan “Yangi O‘zbekiston stipendiyasi” doirasida turkiy davlatlar vakillariga har yili ta’lim grantlari ajratilishi bildirildi.
Shuningdek, 2027-yilni “Tabiatni asrash yili” deb e’lon qilish tashabbusi qo‘llab-quvvatlangani uchun minnatdorlik izhor qilindi hamda O‘zbekiston taklifi bilan ta’sis etilgan buyuk mutafakkir va davlat arbobi Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofotning Qozog‘istonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, elchi Dyusen Kaseinovga topshirilgani mamnuniyat bilan e’tirof etildi.
Butun umrini turkiy til ravnaqiga bag‘ishlagan hazrat Alisher Navoiy “Tilga ixtiyorsiz – elga e’tiborsiz”, deb ta’kidlagan edi. Bugungi sammit shioridan kelib chiqib, barcha turkiy xalqlar uchun birdek tushunarli bo‘lgan va tillarimizdagi mushtarak so‘zlarni jamlaydigan “Umumturkiy so‘zlar lug‘ati”ni yaratish tashabbusi ilgari surildi.
– Ishonchim komilki, bugungi Anqara sammiti olijanob maqsadimiz, birdamlik g‘oyamiz va ulug‘vor rejalarimizga erishish yo‘lida muhim qadam bo‘ladi. Zero, barchamizning orzu-istaklarimiz va intilishlarimiz mushtarak. Biz bir bo‘lsak, yanada qudratlimiz. Hamjihat bo‘lsak, yanada yuksak marralarga albatta erishamiz, – dedi davlatimiz rahbari o‘z nutqi yakunida.
Tadbirda tashkilotning yangi Bosh kotibi lavozimiga O‘zbekiston vakili Mirvohid Azimov nomzodi qo‘llab-quvvatlangani, shuningdek, navbatdagi sammit kelgusi yili O‘zbekistonda o‘tkazilishi ma’lum qilindi.
Yakunda Anqara deklaratsiyasi hamda tashkilotga a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan qator hujjatlar qabul qilindi.