O‘zbekiston Prezidenti Rossiya bilan parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirishni qo‘llab-quvvatladi
7-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Raisi Valentina Matviyenko bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Valentina Matviyenkoni tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘liq, baxt-saodat va katta muvaffaqiyatlar tiladi.
O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashga ikki mamlakat parlamentlari faol hissa qo‘shayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.
Parlamentlar yuqori palatalari hamkorligi bo‘yicha komissiyaning yig‘ilishlari har yili o‘tkazib kelinmoqda. MDH Parlamentlararo assambleyasi doirasidagi aloqalar ham samarali yo‘lga qo‘yilgan.
Muloqot yakunida O‘zbekiston yetakchisi ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi yaqin va sermahsul hamkorlikni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqladi.