O‘zbekiston Prezidenti BAA Prezidenti bilan telefon orqali muloqot qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Suhbat avvalida BAA Prezidenti mamlakatimiz yetakchisini tavallud kuni munosabati bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘liq va farovonlik, sharafli davlatchilik faoliyatida katta muvaffaqiyatlar, birodar O‘zbekiston xalqiga tinchlik-osoyishtalik va davomiy ravnaq tiladi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va BAA strategik sheriklik aloqalari mustahkamlanib borayotgani, yirik qo‘shma loyihalar jadal amalga oshirilayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.
Faol siyosiy muloqotni davom ettirish, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar yo‘nalishlarda ko‘p qirrali hamkorlikni yanada jadallashtirishga kelishib olindi.
Ikki davlat yetakchilari mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb hamda kun tartibidagi boshqa masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.