O‘zbekiston Prezidenti Avstriya bilan ko‘p qirrali sheriklikni yanada rivojlantirish muhimligini ta’kidladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-may kuni Avstriya Respublikasining Yevropa va tashqi ishlar federal vaziri Beate Maynl-Rayzinger va ichki ishlar federal vaziri Gerxard Karnerdan iborat delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmonlar davlatimiz rahbariga Avstriya Federal Prezidenti Aleksandr Van der Bellenning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Turli darajalardagi muloqotlar izchil rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Keyingi yillarda tovar ayirboshlash 3 barobar oshdi. Qurilish materiallari, tog‘ turizmi, sog‘liqni saqlash, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, bank-moliya va boshqa tarmoqlarda kooperatsiya loyihalari jadal amalga oshirilmoqda.

Hukumatlararo komissiya samarali faoliyat yuritmoqda. Ushbu tashrif doirasida qo‘shma biznes forumi muvaffaqiyatli o‘tkazildi, mehnat migratsiyasi, diplomatik xizmat va soliqqa tortish sohalarida muhim bitimlar imzolandi.
Madaniyat va ta’limda ham almashinuvlar kengayib bormoqda.
Oliy darajada tizimli muloqotni yo‘lga qo‘yish, tovar ayirboshlash hajmini oshirish, ustuvor yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni ilgari surish muhimligi ta’kidlandi.

Xavfsizlik sohasidagi hamkorlik haqida so‘z yuritilar ekan, terrorizm, odam savdosi, narkotrafik va kiberjinoyatlarga qarshi kurashish sohasida muntazam axborot almashish zarurligi qayd etildi.
Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.