O‘zbekiston - Pokiston: umumiy madaniy meros (+video)
O‘zbekistonning yaqin hamkorlari orasida Pokiston alohida o‘rin tutadi. Garchi sarhadlarimiz tutash bo‘lmasa-da, ikki davlat o‘rtasida tarixiy, madaniy va geosiyosiy aloqalar chuqur ildiz otgan. Ushbu hamkorlik Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalarini bog‘lovchi muhim ko‘prik vazifasini bajaradi.
Bugun Toshkent Fotosuratlar uyida “O‘zbekiston – Pokiston: umumiy madaniy meros” nomli fotoko‘rgazma tashkil etildi. Tadbir O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, ikki o‘lka elchixonalari va Fotosuratlar uyi hamkorligida tashkil etildi.
Ko‘rgazmada mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p asrlik madaniy va ma’naviy aloqalarni yorituvchi noyob fotosuratlar namoyish etildi. Ular orasida islomiy me’morchilik durdonalari, qo‘lyozmalar, qadimiy shaharlar manzaralari va buyuk allomalar ilmiy merosini aks ettirgan suratlar bor.
[gallery-24753]
– Pokiston va O‘zbekiston o‘rtasida uzoq yillardan beri davom etib kelayotgan mustahkam aloqalar mavjud, -dedi Pokiston Islom Respublikasining yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Ahmad Faruq o‘z nutqida. – Bizni o‘zaro tarixiy va madaniy rishtalar bog‘lab turadi. Urdu va o‘zbek tillarida 4 mingga yaqin umumiy so‘zlar borligi buning yaqqol namunasidir. Shuningdek, milliy liboslarimiz, arxitektura namunalari va qadriyatlarimizga nazar tashlasangiz, bu kabi o‘xshashliklarni ko‘plab guvohi bo‘lasiz. Bugungi anjuman nafaqat bizning umumiy tarixiy va madaniy merosimizni namoyon etmoqda, balki kelgusi avlodlar uchun ham ilhom manbai bo‘lib xizmat qiladi. Masalan, Lohur qal’asi va Buxoro Arkini olaylik — ikkalasi ham me’morchilik san’atining yuksak namunalari, deyish mumkin. Ta’kidlaganimdek, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar chuqur ildizlarga ega va ushbu ko‘rgazma munosabatlarimizning go‘zal ifodasi bo‘ldi.
Ushbu yig‘inning asosiy maqsadi – O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi do‘stlikni yanada mustahkamlash, umumiy tarixiy ildizlarni targ‘ib qilish va yoshlar orasida madaniy merosga bo‘lgan qiziqishni oshirishdan iborat. Ko‘rgazmada ikki davlat rasmiylari, madaniyat va san’at namoyandalari, diplomatlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Mjv2RlEaWTg" title="O‘zbekiston - Pokiston: umumiy madaniy meros" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Musulmon Ziyo, Doniyor Yoqubov (video), Oybek Pardayev (surat), O‘zA