O‘zbekiston Paraosiyo o‘yinlaridagi medallar rekordini yangiladi
"Aichi–Nagoya–2026" V yozgi Paraosiyo o‘yinlarida para pauerlifting bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari delegatsiyamiz hisobiga yana ikki medalni keltirdi.
Gap shundaki, ayollar o‘rtasida 73 kilogrammgacha vazn toifasida ishtirok etgan Ro‘za Qo‘ziyeva 152 kilogramm natija bilan jahon rekordini o‘rnatdi va oltin medalni qo‘lga kiritdi. Yana bir hamyurtimiz Qudratoy Toshpo‘latova 130 kilogrammgacha natija bilan bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Para taekvondo bo‘yicha +80 kg. vazn toifasida Asadbek Toshtemirov bronza medal bilan taqdirlandi. Ayni damga kelib, O‘zbekiston delegatsiyasi hisobidagi medallar 24 ta oltin, 29 tadan kumush va bronza, jami 82 taga yetdi. O‘zbekiston umumjamoa hisobida uchinchi o‘rinda bormoqda.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston delegatsiyasi «Xanchjou–2022» Paraosiyo o‘yinlarida 79 ta medal (25 ta oltin, 24 ta kumush va 30 ta bronza) bilan umumjamoa hisobida 8-o‘rinni egallagan edi. “Aichi–Nagoya–2026” musobaqalarida esa hamyurtlarimiz ushbu natijadan oshib, Paraosiyo o‘yinlari tarixidagi eng yaxshi medallar natijasini yangilamoqda. Bellashuvlar hali davom etayotgani va oldinda bir qator bahslar borligini inobatga olsak, delegatsiyamiz jamg‘argan medallar soni yanada ortishi kutilmoqda.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA