O‘zbekiston paralimpiyachilari qit’a musobaqasiga tayyor
Joriy yilning 18–24-oktabr kunlari Yaponiyaning Aichi prefekturasi va Nagoya shahrida V Paraosiyo o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.
Qit’aning yirik parasport musobaqasida 45 ta milliy paralimpiya qo‘mitasi vakillari 18 ta sport turi bo‘yicha bahs olib boradi. Bellashuvlar 19 ta sport inshootida tashkil etiladi.
Ayni kunlarda O‘zbekiston delegatsiyasi ham Yaponiyaga yetib bordi. Musobaqada O‘zbekiston vakillari 11 ta sport turi bo‘yicha bahslashadi. Tayyorgarlik jarayonida sportchilar uchun o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari tashkil etildi.
O‘zbekistonlik parasportchilar para yengil atletika, para suzish, para taekvondo, para dzyudo, para velosport, para badminton, para kamondan otish, para qilichbozlik, para pauerlifting va para stol tennisi kabi yo‘nalishlarda ishtirok etadi. Shuningdek, bochcha ham musobaqa dasturidan o‘rin olgan. Para qilichbozlik, para kamondan otish va bochcha O‘zbekiston uchun yangi yo‘nalishlar sifatida ahamiyatli.


Mazkur musobaqa sportchilarimiz uchun xalqaro maydonda o‘z mahoratini namoyon etish, tajriba orttirish va yuqori natijalarga erishish yo‘lida muhim imkoniyat hisoblanadi. O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari qit’a bellashuvlarida munosib ishtirok etishni maqsad qilgan.
Paraosiyo o‘yinlari arafasida O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisi Muxtorxon Toshxo‘jayev Aichi–Nagoyadagi O‘zbekiston delegatsiyasi shtab-kvartirasiga tashrif buyurdi. Tashrif davomida delegatsiya a’zolari uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishilib, sportchilarning yashashi, dam olishi va mashg‘ulotlar o‘tkazishi uchun yaratilgan imkoniyatlar ko‘zdan kechirildi.
Shuningdek, mas’ullar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, sportchilarning bo‘lajak musobaqalarga tayyorgarlik holati va oldinda turgan vazifalar muhokama qilindi.
Ma’lumot uchun, 2023-yilda Xitoyning Xanchjou shahrida o‘tkazilgan IV Paraosiyo o‘yinlarida O‘zbekiston terma jamoasi 25 ta oltin, 24 ta kumush va 30 ta bronza, jami 79 ta medal bilan umumjamoa hisobida 8-o‘rinni egallagan.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA