O‘zbekiston – Ozarbayjon munosabatlari ikki davlat yetakchi OAV nigohida
Xabaringiz bor, shu kunlarda Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida Butunjahon urbanizatsiya forumining 13-sessiyasi davom etyapti.
Avvalo, global hamkorlik doirasida koʻp tomonlama aloqalar rivojiga xizmat qiladigan ushbu forum, qaysidir maʼnoda, davlatlar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarni yana bir pogʻona yuqoriga koʻtarishi shubhasiz.

Qayd etish joiz, mazkur yirik xalqaro tadbir doirasidagi voqealar, kutilganidek, jahonning yetakchi ommaviy axborot vositalari diqqat-eʼtiborini jalb qilgan. Tabiiyki, Oʻzbekiston va Ozarbayjon media maydoni ham shu qaynoq jarayon markazida.
Xususan, anjumanning ochilish marosimi oldidan AzerTAJ rasmiy veb-saytida Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi Bosh direktori Abdusaid Koʻchimov va Ozarbayjon davlat axborot agentligi Boshqaruvi Raisi Vugar Aliyev muallifligida “10-yillik doʻstlik yoʻli – Qardoshlikdan ittifoqchilikkacha” sarlavhali maqola eʼlon qilindi.


Ikki davlat oʻrtasidagi asriy teran ildizlarga tayangan yaqin sheriklikning tarixi va buguni muxtasar tavsiflangan, barcha sohalardagi Oʻzbekiston – Ozarbayjon aloqalarining joriy holati va istiqboli chuqur tahlil qilingan, qolaversa, davlatlarimizning yetakchi axborot agentliklari yaqin hamkorligi samarasini yana bir namoyish etgan ushbu material har ikki mamlakat OAVda ijobiy aks-sado bermoqda.


Masalan, uza.uz saytida oʻzbek, rus, ingliz va boshqa tillarda eʼlon qilinib, OʻzAning ijtimoiy tarmoqdagi rasmiy sahifalariga joylashtirilgan maqola oʻzbek va rus tillarida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi muassisligidagi “Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka”, Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi Kengashlari muassisligidagi “Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo” gazetalarida toʻliq bosildi.
OʻzA