O‘zbekiston nomoddiy madaniy merosini xalqaro raqamli maydonda targ‘ib qilishga e’tibor kuchaymoqda
Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti hamda Osiyo-Tinch okeani mintaqasida nomoddiy madaniy meros muhofazasi bo‘yicha YUNESKO markazi (ICHCAP) o‘rtasida O‘zbekistonning nomoddiy madaniy merosini raqamlashtirish va xalqaro miqyosda targ‘ib qilishga qaratilgan hamkorlik loyihasi bo‘yicha shartnoma imzolandi.
Loyiha doirasida ichLinks National Page for Uzbekistan — O‘zbekiston nomoddiy madaniy merosiga bag‘ishlangan milliy sahifani yaratish nazarda tutilgan. Mazkur tashabbus ICHCAP’ning 30 ta davlat nomoddiy madaniy merosiga oid axborot resurslarini birlashtirgan ichLinks platformasi doirasida amalga oshiriladi.
Milliy sahifa orqali O‘zbekistonning boy va rang-barang nomoddiy madaniy merosi yagona raqamli makonda tizimli ravishda namoyish etiladi.

Loyiha doirasida O‘zbekistonning nomoddiy madaniy meros elementlari haqidagi ma’lumotlarni to‘plash, shakllantirish va tizimlashtirish, foto va videomateriallarni jamlash, ularni raqamli formatda tayyorlash hamda mazkur platformadagi milliy sahifaga joylashtirish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, milliy sahifani o‘zbek, ingliz va koreys tillarida yuritish orqali O‘zbekiston nomoddiy madaniy merosi haqidagi ishonchli va tizimlashtirilgan ma’lumotlarni xalqaro foydalanuvchilarga taqdim etish, meros namunalarini keng targ‘ib qilish va ularning xorijiy auditoriya uchun ochiqligini ta’minlash maqsad qilingan.

Kelgusida loyiha doirasida tegishli ma’lumotlar bazasini shakllantirish, kontentni muntazam yangilab borish, raqamli resurslarni boshqarish hamda O‘zbekiston nomoddiy madaniy merosini xalqaro axborot makonida keng targ‘ib etishga qaratilgan qo‘shma ishlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Mazkur shartnomaning imzolanishi O‘zbekiston nomoddiy madaniy merosini raqamli muhitda hujjatlashtirish, tizimlashtirish va xalqaro miqyosda ommalashtirish yo‘lidagi muhim amaliy qadam bo‘lib, institut va ICHCAP o‘rtasidagi hamkorlikning yangi bosqichini boshlab beradi.
* * *
O‘zbekiston nomoddiy madaniy merosini raqamli muhitda hujjatlashtirish, tizimlashtirish va xalqaro miqyosda targ‘ib qilishga oid hamkorlik doirasida Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot institutida ICHCAP mutaxassislari ishtirokida seminar o‘tkazildi.

Tadbirda YUNESKOning Nomoddiy madaniy meros bo‘yicha Osiyo-Tinch okeani mintaqasi xalqaro axborot va tarmoqlash markazi — ICHCAP’ning Axborot va tadqiqot bo‘limi xodimlari Minjung Kim va Sangmook Park, shuningdek, Raqamli kontentni rivojlantirish guruhi xodimi Jinsol Seo ishtirok etdi.

«Nomoddiy madaniy meros to‘g‘risidagi axborotlarni xalqaro elektron platformalarga joylashtirish va targ‘ib qilish» mavzusidagi seminarda loyiha konsepsiyasi, uni amalga oshirish mexanizmlari, ish jarayonining asosiy bosqichlari hamda xalqaro elektron platformalarda nomoddiy madaniy merosga oid ma’lumotlarni samarali taqdim etish tamoyillari yuzasidan taqdimot o‘tkazildi.

Shuningdek, institut mutaxassislari tomonidan O‘zbekiston nomoddiy madaniy merosiga oid ma’lumotlar bazasini shakllantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Etnofolklor ekspeditsiyalari davomida mamlakatimiz hududlarida to‘plangan materiallar asosida tayyorlangan videomateriallardan namunalar namoyish etildi.
Seminar davomida nomoddiy madaniy meros namunalarini raqamli shaklda hujjatlashtirish, mavjud materiallarni tizimlashtirish va ularni xalqaro auditoriyaga taqdim etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tashrif doirasida ICHCAP mutaxassislari O‘zbekistondagi turli sohalarga oid hunarmandchilik an’analari, mahalliy urf-odatlar, an’anaviy bozorlar va madaniy maskanlar bilan ham yaqindan tanishmoqda.

Loyihaning keyingi bosqichlarida ICHCAP mutaxassislarining tegishli tashkilot va muassasalar bilan uchrashuvlari, Sirdaryo, Jizzax, Samarqand va Toshkent viloyatlariga tashriflari, shuningdek, nomoddiy madaniy meros tashuvchilari va amaliyotchilari bilan muloqotlari rejalashtirilgan.
Mazkur seminar O‘zbekiston nomoddiy madaniy merosini xalqaro raqamli platformalarda keng namoyish etish, mavjud ma’lumot va materiallarni tizimlashtirish hamda ularni xalqaro axborot makoniga olib chiqish bo‘yicha amaliy ishlarning muhim boshlang‘ich bosqichi bo‘ldi.
N.Usmonova,
O‘zA