O‘zbekiston – milliy qadriyatlar ulug‘langan yurt
Namangan davlat pedagogika institutida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limlari hamkorligida “Milliy qadriyatlar atlasi” kitob-albomi hamda qadriyatim.uz platformasining taqdimoti o‘tkazildi.
Milliy o‘zlikni anglash, tarixiy merosni asrash va yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan mazkur tadbirda Namangan viloyati hokimligi, tegishli boshqarma, tashkilotlar va ta’lim muassasalari rahbarlari, yozuvchi-shoirlar, jurnalistlar, professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari qatnashdi.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tashabbusi bilan nashrdan chiqarilgan “Milliy qadriyatlar atlasi” kitobi yurtimizdagi barcha hududlar, turli elat va millatlarning boy urf-odatlari, qadimiy an’analari, marosimlari va ma’naviy merosini o‘zida mujassam etgan noyob to‘plamdir. Unda har bir viloyatning o‘ziga xos madaniyati, xalq og‘zaki ijodi namunalari, milliy liboslari, taomlari, bayramlari va urf-odatlari batafsil yoritilgan.
Kitobda Vatanimizni yagona va ahil umummilliy uy sifatida ulug‘lash, turli millat va elatlar o‘rtasidagi totuvlik va hamjihatlikni mustahkamlash g‘oyasi asosiy o‘rin egallagan. “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” degan ezgu tamoyil asar mazmunida chuqur ifodasini topgan. Ahamiyatlisi, kitobdagi ma’lumotlar o‘zbek, rus va ingliz tillarida berilgan.

Tadbirda “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi, senator Ikromxon Najmiddinov, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari Musoxon Appaqov, Namangan davlat pedagogika instituti rektori Bahodir Husanov, Namangan davlat universiteti dotsenti, tarix fanlari nomzodi Baxtiyor Ishoqov ushbu kitob taqdimoti ertamiz egalarini milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ularning qalbida Vatanga sadoqat, ajdodlarga ehtirom tuyg‘ularini shakllantirishda muhim qo‘llanma bo‘lib xizmat qilishini ta’kidladi.
Atlasda jamlangan materiallar asosida qadriyatim.uz – “Milliy qadriyatlar atlasi” elektron platformasi va uning mobil ilovasi ham ishlab chiqilgan bo‘lib, u doimiy yangilanib boriladigan, interaktiv funksiyalarga ega. Chet el fuqarolari va xorijdagi vatandoshlar uchun O‘zbekiston madaniyati, milliy qadriyatlari, moddiy va nomoddiy madaniy merosi haqida xorijiy tillarda xolis va ishonchli ma’lumot berib boradi. Shuningdek, milliy madaniy merosni raqamli formatda saqlash va targ‘ib qilishga xizmat qiluvchi yagona axborot bazasi vazifasini o‘taydi.

Tadbirda institutning san’atkor-olimlari tomonidan ijro etilgan milliy ruhdagi dilrabo taronalar ishtirokchilarga ko‘tarinki zavq bag‘ishladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.