O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi 31 yoshda
Bugun O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi tashkil etilganiga 31 yil to‘ldi.
1993 yilning sentyabr oyida Xalqaro olimpiya qo‘mitasining 101-sessiyasida O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi XOQ tomonidan rasman tan olingan va shundan so‘ng tashkilot xalqaro maydonda faoliyat olib borish imkoniyatiga ega bo‘lgandi.
Shu kundan e’tiboran, mamlakatimiz sportchilari O‘zbekiston bayrog‘i ostida yozgi va qishki Olimpiya o‘yinlarida, qit’a o‘yinlarida, rasmiy jahon chempionatlarida Vatanimiz sharafini himoya qilib kelmoqda.
O‘tgan yillar davomida Milliy olimpiya qo‘mitasi mamlakatimizda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, olimpizmning ezgu g‘oyalarini ilgari surish yo‘lida keng ko‘lamda ish olib bormoqda.
Bundan tashqari, jahon maydonida O‘zbekistonning obro‘-e’tiborini oshirish, boy madaniy merosimizni keng targ‘ib etish borasida nufuzli sport tashkilotlari, xalqaro hamjamiyat vakillari bilan keng qamrovli hamkorlikni ta’minlab kelmoqda.
Ortda qolgan yillar davomida O‘zbekiston sport delegatsiyasi 8 ta qishki va 7 ta yozgi Olimpiya o‘yinlarida yurtimiz sharafini munosib himoya qildi. Milliy olimpiya qo‘mitasi davlatimiz rahbari va hukumatimizning bevosita qo‘llab-quvvatlashi bilan "Parij-2024" yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga katta hajmda tayyorgarlik olib bormoqda.
Litsenzion musobaqalarga hozirlik ko‘rayotgan terma jamoalarimizning mahalliy va xorijiy o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida ishtirok etishi uchun imkoniyat yaratilmoqda.
O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi a’zolarini, sport turlari bo‘yicha federatsiya va assotsiatsiyalarni, terma jamoalarimizni, olimpiyachilarimizni va ularni tarbiyalayotgan jonkuyar murabbiylarimizni, o‘zbek sportining ashaddiy muxlislarini bugungi sana munosabati bilan samimiy muborakbod etamiz.
O‘zA