O‘zbekiston mebellari dunyo bo‘ylab eksport qilinmoqda
2025 yilning yanvar-iyul oylarida O‘zbekiston mebel sanoatidagi xalqaro savdo ko‘rsatkichlari sezilarli darajada o‘sishni namoyon etdi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu davr mobaynida mamlakat 18 ta xorijiy davlatga mebel va mebel mahsulotlarini eksport qilib, umumiy qiymatini 10,5 million AQSH dollariga yetkazdi. Bu ko‘rsatkich 2024 yilning mos davriga nisbatan 949 ming dollarga oshgan bo‘lib, o‘zbek mebel sanoatining jahon bozoridagi raqobatbardoshligini va eksport salohiyatini yana bir bor tasdiqlaydi.
O‘zbekiston mebel mahsulotlari asosan Rossiya, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Tojikiston va Qirg‘iziston kabi Markaziy Osiyo va qo‘shni davlatlarda mashhur bo‘lib, ular umumiy eksport hajmining katta qismini tashkil etadi. Xususan, Rossiya bozori 4,4 million dollarlik eksport bilan yetakchilik qiladi va mamlakat mebel ishlab chiqaruvchilari uchun eng muhim xalqaro bozor sifatida ko‘rilmoqda. Qozog‘iston (2,8 million dollar) va Ozarbayjon (1,2 million dollar) ham muhim strategik yo‘nalishlardan biri bo‘lib, O‘zbekiston mebel sanoatiga yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Qolaversa, Tojikiston – 808,2 ming, Qirg‘iziston – 562,2 ming, Armaniston – 187,6 ming, Gruziya – 105,4 ming, Belarus – 104,2 ming va boshqa davlatlar – 328,6 ming dollarlik mebel va mebel mahsulotlarini eksport qilgan.

Mebel eksportidagi bu o‘sish, nafaqat mamlakat ichki sanoat salohiyatining yaxshilanishi, balki tashqi bozorlar talabining oshishi va eksport salohiyatini kengaytirish uchun qabul qilingan iqtisodiy va siyosiy chora-tadbirlarning samarasidir. Shu bilan birga, mebel mahsulotlarini eksport qilish va yangi bozorlarga kirish bo‘yicha ishlar ham o‘z natijasini bermoqda. Bu ishlab chiqarish hajmini yanada oshirish va xalqaro maydondagi o‘rnini mustahkamlash uchun katta imkoniyatlar yaratadi.
Dildora DO‘SMATOVA
O‘zA